O‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali ishtirokchilariga

Muhtaram festival qatnashchilari!

Qadrli do‘stlar!

Avvalambor, Turkmanistonning betakror Dashoguz shahrida bo‘lib o‘tayotgan bugungi do‘stlik festivali yuksak darajada tashkil etilgani uchun Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga hamda barcha tashkilotchilarga o‘zimning chuqur minnatdorligimni izhor etaman.

Hech shubhasiz, o‘zaro tarixiy-madaniy aloqalar o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi bo‘lib kelmoqda. Chin qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu muhim tadbir esa elu yurtlarimizning umumiy ezgu maqsadlari va orzu-intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.

Qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda barcha ustuvor sohalarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Shu o‘rinda Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Berdimuhamedovning joriy yil iyul oyida Toshkentga amalga oshirgan tarixiy tashrifi strategik sherikligimizni yanada chuqurlashtirishga katta kuch va shiddat bag‘ishlaganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Shuningdek, ko‘p qirrali munosabatlarimizning yuksak ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhida rivojlanib borishida Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi muhtaram Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov Janobi Oliylarining ham misli ko‘rilmagan hissasi borligini aytib o‘tishni istar edim.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Qardosh xalqlarimiz o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalar yil sayin faollashib borayapti, turli konsert va festivallar, ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda, madaniyat va kino kunlari o‘tkazilmoqda, yurtimizda turkman milliy madaniyat markazlari ishlamoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Fanlar akademiyasi tomonidan tayyorlangan 100 jilddan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli asarlar majmuasining 10 ta jildi turkman adabiyoti namunalariga ajratildi. Ushbu jamlanmadan Ozodiy, Andalib, Maxtumquli, Mullanafas, Berdi Kerbobayev, Xidir Deryayev, Otajon To‘g‘on kabi o‘nlab mashhur mumtoz va zamonaviy shoir-yozuvchilarning sara asarlari joy olgani ayniqsa e’tiborlidir.

Shuningdek, 2018-yilda Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga turkman xalqining buyuk farzandi, mutafakkir shoir, turkman adabiyotining yorqin namoyandasi Maxtumquli nomi berilib, so‘lim xiyobon barpo etildi, shoir siymosi aks etgan barelef o‘rnatildi.

Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Turkmanlar” mahallasida joylashgan qadimiy “Ulli hovli” yodgorlik majmuasi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Poytaxtimiz markazida bunyod etilgan “Ashxobod” bog‘i minglab vatandoshlarimiz va poytaxtimiz mehmonlarining sevimli go‘shasiga aylanib ulgurdi.

Turkmanistonda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar uchun alohida e’tibor ko‘rsatib kelinmoqda. Yaqinda betakror Ashxobod shahrida barpo etilgan muhtasham “Toshkent” bog‘i esa o‘zbek va turkman xalqlarining abadiy do‘stligi ramzi bo‘lib qoladi.

Ishonchim komilki, ikki qardosh va azaliy do‘st ellarimizning qalblarini bir-biriga chambarchas bog‘laydigan bu kabi madaniyat bayramlari hamjihatlikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan bundan keyin ham izchil davom etadi.

Festivalning barcha ishtirokchilariga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va ezgu faoliyatlarida yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti