AQSh Davlat kotibi bilan uchrashuv to’g’risida

2022-yil 12-dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo’shma Shtatlari davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar olib bordi.

AQSh Davlat departamenti rahbari diplomatik munosabatlar o’rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yilda Strategik sheriklik muloqotning ikkinchi yig’ilishini o’tkazilishi alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Mazkur mexanizm nafaqat ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari bo’yicha fikr almashish, balki muloqotning ustuvor yo’naishlarini belgilab olishga imkon beradi.

E.Blinken O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, Amerika tomoni ularni amalga oshirish jarayonida har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. AQSh Davlat departamenti rahbari respublikaning inson huquqlarini himoya qilish, shu jumladan diniy erkinliklarni ta’minlash, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berish borasida erishgan yutuqlarini alohida ta’kidladi.

Davlat kotibi O’zbekiston tomonidan Markaziy Osiyoda o’zaro ishonch va anglashuv muhitini mustahkamlash yo’lida olib borilayotgan mintaqaviy siyosatga yuksak baho berdi. Ayniqsa, E.Blinken O’zbekistonning Qirg’iziston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish to’g’risidagi bitimga erishganini olqishladi. «Menimcha, bu mintaqadagi va undan tashqaridagi ko’pchilikka bunday masalalarni hal qilishda diplomatiya imkoniyatlarining ahamiyati to’g’risida kuchli signal yuboradi», dedi Davlat departamenti rahbari.

Savdo, investitsiyalar, fan va ta’lim, transport va logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan tomonlarning manfaatdorligi ta’kidlandi.

Ikki tomonlama darajada, «C5+1» mintaqaviy formati va xalqaro tashkilotlar doirasidagi rejalashtirilgan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.