O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi
Yoshlarni oliy ta’lim bilan yanada kengroq qamrab olish, oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–279-son qaroriga muvofiq:
1. 2022/2023-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari:
a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
kunduzgi ta’lim shakliga – 77 477 nafar etib 1-ilovaga muvofiq;
sirtqi ta’lim shakliga – 26 095 nafar etib 1a-ilovaga muvofiq;
kechki ta’lim shakliga – 3 725 nafar etib 1b-ilovaga muvofiq;
masofaviy ta’lim shakliga – 3 410 nafar etib 1v-ilovaga muvofiq;
b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 688 nafar etib 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlariga hamda qabul parametrlarini Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlash vakolati berilgan oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli qabul parametrlarini 2022-yil 20-iyunga qadar tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi besh kun muddatda 2022/2023-o‘quv yili uchun:
sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, veterinariya, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sohalarida oliy ma’lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun davlat buyurtmasi parametrlarining davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida manfaatdor vazirlik va idoralarning buyurtmalariga muvofiq maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tizimida oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida davlat buyurtmasi parametrlarining ta’lim tillari bo‘yicha taqsimotini tasdiqlasin va e’lon qilsin.
4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddatda:
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda 2022/2023-o‘quv yilida yangi kiritilayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritsin;
davlat oliy ta’lim muassasalarida yangi kiritilayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining malaka talablari, o‘quv rejalari hamda fan dasturlarining ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.
5. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV