O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi sammitidagi nutqi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Navbatdagi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi yetakchilar uchrashuvining barcha ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman.

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga sammit a’lo darajada tashkil etilgani hamda mintaqamizning eng xushmanzara maskanlaridan biri – Cho‘lponota shahrida ko‘rsatilayotgan har doimgidek iliq, samimiy mehmondo‘stlik uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Yevropa Kengashi Prezidenti Sharl Mishel janoblariga ham alohida tashakkur bildiraman.

Aloqalarimizning samaradorligi ko‘p jihatdan aynan sizning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv siyosiy muloqotni va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashingiz va qat’iy intilishingiz tufaylidir.

Hurmatli hamkasblar!

Ostonada ochiqlik, o‘zaro ishonch ruhida va samarali o‘tgan ilk uchrashuvimizdan buyon salkam bir yil o‘tdi. Shu qisqa davrda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan haqiqatan ham katta ishlar amalga oshirildi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekistonda Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazildi. Unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi loyihalarni, shu jumladan, yevropalik sheriklarimizning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ilgari surishga alohida e’tibor qaratdik.

Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda professional ta’lim sohasida bir qator muhim mintaqaviy loyihalarni boshladik.

Mart oyida Toshkentda fuqarolik jamiyati forumi, Olma-otadagi ikkinchi Iqtisodiy forum, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishi natijalarini alohida qayd etishni istar edim. Bu tadbirlar bizning yevropalik sheriklarimiz bilan muloqotlarimiz sifat jihatidan va ijobiy o‘zgarib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylandi.

Bu o‘rinda so‘z zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil” energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, rivojlangan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklik haqida bormoqda.

Hamkasblarimning chiqishlarida statistik ma’lumotlar yangradi. Ularni takrorlab o‘tirmayman. Shu bilan birga qayd etmoqchimanki, 2030 yilga qadar ushbu ko‘rsatkichlarning ikki barobar o‘sishiga erishish uchun barcha asoslarimiz bor.

O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorligi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Mishel janoblari, sizning O‘zbekistonga tarixiy tashrifingizdan so‘ng barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli darajada faollashdi. Biz Fransiya, Germaniya, Vengriya va Chexiya yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik. Budapesht va Stokgolmda elchixonalar ochdik. Kelgusi haftada men Italiyaga tashrifni amalga oshirishni rejalashtirmoqdaman.

Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi “GSP+” tartibi tufayli barqaror o‘sib bormoqda. O‘tgan yili savdo hajmi 20 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon qariyb 70 foizga o‘sdi. Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.

Strategik hamkorlarimiz orasida “Siemens”, “Linde Group”, “CLAAS”, “Airbus”, “BASF”, “EDF”, “Alstom”, “Total”, “Orano”, “OTP Group” va ko‘plab boshqa jahonga mashhur korporatsiyalar bor. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi Yevroosiyo qit’asining industrial xaritasini tubdan o‘zgartirib yuborishga imkon beradi.

Gumanitar sohada Parijdagi Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan hamkorlikda ikkita noyob loyihani amalga oshirdik. Butun dunyoga mashhur ushbu san’at markazlarida ilk bor mintaqamizning boy madaniy-tarixiy merosini keng namoyish etdik.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlarga qaramasdan, Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror o‘sishni namoyish etmoqda.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tahlilchilarining so‘nggi o‘rganishlariga ko‘ra, mintaqadagi umumiy iqtisodiy o‘sish joriy yilda 5,2 foizni va kelgusi yilda 5,4 foizni tashkil qiladi.

Yevropalik ekspertlar O‘zbekistonda o‘rtacha 6,5 foizlik yillik o‘sishni prognoz qilmoqda. Ayni paytda biz 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmi va aholining real daromadlarini ikki barobar oshirib, daromadlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishni rejalashtiryapmiz.

Jadal sanoatlashtirish siyosati, shu jumladan, qayta ishlash tarmoqlariga xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish ushbu maqsadga erishishning asosiy omili bo‘ladi.

Yevropalik do‘stlarimiz va sheriklarimiz milliy rivojlanish dasturlari va ortga qaytmas islohotlar strategiyasini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashi muhim ekanini alohida ta’kidlamoqchiman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammitning taklif etilgan kun tartibini hisobga olib, hamkorlikning quyidagi ustuvor va o‘zaro manfaatli yo‘nalishlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchisi – bu savdo. O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan savdo munosabatlarini tubdan kengaytirishdan, eng avvalo, barqaror savdo-logistika zanjirlarini va o‘zaro mahsulot yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratishdan manfaatdor.

“GSP+” tartibining taqdim etilishi mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini tashqi savdo faoliyatiga jalb qilish va shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirishda rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qildi.

Biz ushbu shartlarning amal qilish muddatlarini yangi davrga uzaytirishdan manfaatdormiz. Ushbu preferensiyalar tizimining mintaqadagi barcha mamlakatlarga tatbiq etilishi iqtisodiyotlarimizning industrial salohiyati va raqobatbardoshligi ortishiga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.

Bunga misol tariqasida eksportchilarimiz Yevropa bozoriga umumiy qiymati 4 milliard yevro bo‘lgan 500 nomdagi sanoat tovarlarini yetkazib berishga tayyor ekanini qayd etmoqchiman.

Shu bilan birga, mintaqamizda Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq zamonaviy laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlash markazlari tarmog‘ini yaratish, Yevropa bozorlarida ishlashi uchun eksport qiluvchilarimizning bilim va salohiyatini rivojlantirish, Yevropa kompaniyalarining mintaqa mamlakatlari savdo imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish kabi alohida masalalar ham mavjud.

Afsuski, bu masalalarning barchasi bo‘yicha hanuzgacha sezilarli natijalarga erishilgani yo‘q. Ularni hal etish uchun Mamlakatlarimiz eksport va import qiluvchi korxonalarini qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish jarayoni tez fursatda yakunlanishi ham ushbu vazifaning ijrosiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan – barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida o‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirish.

Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqligini, eng avvalo, “O‘rta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yo‘lagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida mamlakatlarimizning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir.

Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha yaqinda Samarqandda o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilari uchrashuvida puxta tahlil qilindi.

Afsuski, ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida o‘zaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emas. Bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli bo‘lgan tariflar kerak. Biroq tahlillar ko‘rsatayotganidek, ushbu yo‘nalishdagi joriy tarif va yig‘imlar, masalan, muqobil bo‘lgan Shimol – Janub yo‘nalishlaridagidan 1,5 barobar baland.

Transport-logistika va port infratuzilmalarini yuklar oqimining prognoz qilinayotgan o‘sishiga mos ravishda kengaytirish hamda yo‘l qoplamasining texnik holatini yaxshilash masalalari ham muhim ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan Transkaspiy yo‘lagi salohiyatidan foydalanishning doimiy, ta’sirchan mexanizmini yaratishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu mamlakatlarimiz transport idoralari vakolatli vakillarining doimiy uchrashuvlarini o‘tkazib borishni nazarda tutadi.

Shuningdek, yevropalik hamkorlar tomonidan Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror transport yo‘laklarini shakllantirish yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqotlarning muhim ahamiyatini qayd etmoqchiman.

Uchinchidan – investitsiyaviy va texnologik sheriklik.

Imkoniyatlarimiz va umumiy rejalarimiz xususida men batafsil to‘xtalib o‘tdim. O‘ylaymanki, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumi doirasida har yili sanoat-texnologiya ko‘rgazmalarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish vaqti keldi.

Bugungi voqelikdan kelib chiqib, Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakatlarimizga ko‘chirish jarayonida ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning maxsus vositalarini ishga tushirishdan manfaatdormiz.

Bankning mintaqaviy ofisi O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlarni ta’minlashga tayyorligimizni tasdiqlaymiz.

To‘rtinchidan – raqamli o‘zaro bog‘liqlik sohasida Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilish niyatidamiz.

Jahon banki mutaxassislarining tadqiqotlariga ko‘ra, yuqori tezlikdagi Internetdan foydalanish imkoniyatlarining yanada kengaytirilishi mintaqa mamlakatlari yalpi mahsuloti va eksporti hajmining mutanosib ravishda oshishiga olib keladi.

Bu boradagi “Yevropa jamoasi” tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda “Markaziy Osiyo uchun raqamli kun tartibi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz.

Beshinchidan – iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish.

Bu yerda, avvalambor, Yevropaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini qo‘llagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan ekotizimlar barqarorligini oshirish haqida so‘z bormoqda.

Bundan tashqari, bugun O‘zbekistonda “yashil” energetika faol rivojlanib bormoqda. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 25 ming megavattgacha oshirish va uning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizgacha yetkazishni reja qilganmiz.

Bugun mening hamkasblarim ekologiya masalalariga batafsil to‘xtaldilar. Masalaning g‘oyat dolzarbligini hisobga olib, Yevropa Ittifoqini shu yil kuzda Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand tashabbusi doirasida o‘tkaziladigan birinchi Xalqaro iqlim forumining ham tashkilotchilaridan biri bo‘lishga chaqiramiz.

Biz sheriklarimizning Markaziy Osiyo atrof-muhitni va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetini tashkil etish loyihasida faol ishtirok etishidan ham manfaatdormiz.

Oltinchidan – turizmni rivojlantirish.

Ushbu tarmoq pandemiyadan keyin tez qayta tiklanayotganini va barqaror yuqori o‘sish sur’atini ko‘rsatayotganini ta’kidlash joiz. Shunga qaramay, Markaziy Osiyoning ulkan turizm salohiyati bugungi kunda to‘liq ishga solinmayapti.

Markaziy Osiyo uchun barqaror turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish dasturini birgalikda ishlab chiqish va uni joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sammitida taqdim etishni taklif qilamiz.

Ushbu dastur infratuzilmani modernizatsiya va tarixiy meros obyektlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha aniq loyihalarni, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va sonini ko‘paytirish, butun mintaqa uchun mo‘ljallangan yagona turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda viza tartibotlarini soddalashtirish masalalarini qamrab oladi.

Yettinchidan – yoshlar ta’limiga investitsiya kiritish.

O‘zbekistonda Yevropaning yettita universiteti filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Lekin bu yetarli emas.

Yaqin istiqbolda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan sheriklikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ta’lim dasturlarini, birinchi navbatda, texnika mutaxassisliklari bo‘yicha joriy qilish niyatidamiz.

Ta’lim vazirlari va universitetlar rektorlarining shu formatdagi muntazam uchrashuvlarini qayta tiklash tarafdorimiz.

“Yevropa ufqlari” dasturi doirasida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Xavfsizlik sohasida yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash birgalikdagi ishlarimizning eng muhim yo‘nalishidir.

Bugun chegaralarni himoya qilish, narkotrafik va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni samarali amalga oshirmoqdamiz.

So‘nggi yillarda ikki yuzdan ortiq mintaqaviy tadbirlar o‘tkazildi. Yevropalik hamkorlar ko‘magida minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi, chegara punktlari modernizatsiya qilindi.

Ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiber jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qo‘riqlash sohasida yangi sheriklik dasturlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz.

Afg‘oniston muammosi e’tiborimiz markazida bo‘lib turibdi. Ming afsuski, Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat tez sur’atda yomonlashib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda millionlab afg‘onlar halokat yoqasida turibdi.

Shu munosabat bilan sheriklarimizni afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami hajmini kamaytirmaslikka chaqiramiz. Shu maqsadda Termizdagi logistika xabi imkoniyatlarini bundan buyon ham taqdim etishga tayyormiz.

Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga ko‘maklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun maxsus vakillarimizning muntazam maslahatlashuvlarini davom ettirishni  taklif etamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugun hamkasblarimning chiqishlarida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Bildirilgan har bir taklif ekspertlarimiz tomonidan diqqat bilan o‘rganib chiqilishi juda muhimdir. Shu munosabat bilan uchrashuvimiz yakunlari bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Muloqotlarimizni muntazam o‘tkazib borish to‘g‘risidagi taklifni ham qo‘llab-quvvatlayman.

Ushbu formatdagi ilk sammitni kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkazish borasidagi tashabbusimiz qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik izhor etaman.

Ushbu uchrashuv yakunlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi, mintaqada tinchlik va barqarorlik, izchil taraqqiyot va ravnaqni ta’minlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.