O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisini mamlakatda prezidentlik va parlament saylovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi. Ularning yakunlariga ko‘ra, saylovchilarning ko‘pchiligi amaldagi Prezident va Respublika alyansiga ovoz bergan.
Ovoz berish natijalari qardosh Turkiya xalqi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida amalga oshirilayotgan siyosiy yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat ekani alohida ta’kidlandi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini tayyorlash bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.