O‘zbekiston Prezidenti G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan Moskva shahriga amaliy tashrifi doirasida 9-may kuni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalqining Buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasi beqiyos. 1941-yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etardi. Urush boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlandi. Har biri tom ma’noda qahramon bo‘lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo‘ldi, yana minglab vatandoshimiz urushdan nogiron bo‘lib qaytgan.

Xalqimiz tunu kun tinimsiz mehnat qilib, ulkan miqdordagi oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha, dori-darmon zaxiralarini jang maydonlariga uzluksiz yetkazib berdi. O‘zbekistonga 170 ga yaqin zavod va fabrika evakuatsiya qilindi va qisqa muddatda qayta ishga tushirildi.

Urushdan jabr ko‘rgan 1 million 500 mingdan ortiq keksalar, ayollar va bolalar respublikamizga ko‘chirib keltirildi. Ularning 200 mingdan ziyodi ota-onasidan ayrilgan yetim bolalar edi.

Yurtimizda Ikkinchi jahon urushida jang qilgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan ajdodlarimizning jasoratini abadiylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urush qatnashchilari va nogironlari har yili rag‘batlantirilmoqda, ularning sog‘lig‘ini asrashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Toshkent shahrida ulkan G‘alaba bog‘i ochildi, unda “Matonat madhiyasi” yodgorligi va Shon-sharaf muzeyi barpo etildi.

Moskvaning Qizil maydonida G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Uni Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham kuzatdi.

Tadbirdan so‘ng O‘zbekiston rahbari boshqa davlatlar yetakchilari bilan birga Aleksandr bog‘idagi “Noma’lum askar” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi va Ikkinchi jahon urushida Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan askarlar, shu jumladan o‘zbek o‘g‘lonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Shu bilan Rossiyaga amaliy tashrif yakunlandi. Aeroportda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.