1-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Konstitutsiya bo‘yicha referendumning muvaffaqiyatli natijalari va ushbu tadbir yuksak xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etilgani bilan tabrikladi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yirik loyihalarni ilgari surishda amaliy natijalarga erishilayotgani qayd etildi.
Qardosh xalqlarimizni yaqinlashtirishda O‘sh shahrida Bobur nomidagi akademik teatrning yangilangan binosi ochilgani va Qo‘qon shahrida talabalar spartakiadasi o‘tkazilgani muhim ahamiyatga ega.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat oqsoqollari va yoshlari ishtirokidagi Avlodlar muloqotiga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdilar.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari, shu jumladan joriy yilning iyun oyida Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan ko‘p tomonlama sammitga tayyorgarlik yuzasidan ham fikr almashildi.