Rossiya Federatsiyasi bilan keng ko‘lamli hududlararo hamkorlikni rivojlantirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-aprel kuni Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanovni qabul qildi.
Uchrashuvda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda samarali hamkorlikda yuqori natijalarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi ortmoqda. Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, Rossiya delegatsiyasining mazkur tashrifi davomida yangi loyihaga – Jizzax viloyatida texnopark barpo etishga start berildi.
Bundan tashqari, neft-kimyo va mashinasozlik tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali faoliyati kengaytirilmoqda.
Uchrashuv chog‘ida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikka oid istiqbolli loyihalar, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham yangi industrial parklarni ochish va mavjudlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, kichik biznes va axborot texnologiyalari sohalarida hamda kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik dasturlarini qabul qilish masalalari muhokama qilindi.
Shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishida Rossiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tarkibida Tataristonning kompaniya va korxonalari faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari “yo‘l xarita”si asosida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etish muhimligini qayd etdi.