O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keyingi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida xalqimizning azaliy orzu-intilishlariga hamohang va uyg‘un holda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Oldimizga qo‘ygan bunday ulug‘vor vazifani amalga oshirishda biz eng avvalo qadimiy tariximiz va boy madaniyatimizga, yuksak insonparvarlik tamoyillarini o‘zida mujassam etgan milliy va diniy qadriyatlarimizga tayanishimiz tabiiydir. Ayniqsa, el-yurtimiz doimo orziqib, katta xursandchilik bilan kutib oladigan, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan muqaddas Ramazon oyining bu borada alohida o‘rni va ahamiyati borligini ta’kidlash lozim.
Butun dunyo musulmonlari qatori xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:
1. 2023-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 23-mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon oyini milliy an’ana hamda qadriyatlarga mos va munosib tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Hududlarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson sha’nini ulug‘lash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilsin.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev