Prezident surxondaryolik fermerlar bilan suhbatlashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xo‘jaligida bo‘ldi.

Xo‘jalikning yer maydoni 45 gektar. Joriy yilda g‘alladan 70, paxtadan 40 sentnerdan hosil yetishtirish mo‘ljallanmoqda. 35 kishi doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari ekinlar rivojini ko‘zdan kechirdi, g‘alla va g‘o‘zaning navi, hosildorligi bilan qiziqdi.

– Nima uchun qishloq xo‘jaligida ilm, innovatsiya kerak, deyapmiz? Avvalo sifat va hosildorlik uchun. Yuqori daromad olishni xohlagan fermer ilm bilan mehnat unumdorligini oshirishga harakat qilishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekish uchun ishsiz aholi vakillariga yer berilmoqda. “Kamola Kamolbek Quyun” fermer xo‘jaligida ham ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 34 nafar fuqaroga 20-25 sotixdan yer ajratilgan. Ular ko‘kat, kartoshka, piyoz, sabzi va boshqa ekinlar ekib, yaxshi daromad olgan. Joriy yilda ham qo‘shimcha 18 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun 30 sotixdan yer maydonlari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident shunday yer egalari bilan suhbatlashdi.

– Aholiga yer berilib, urug‘, o‘g‘it masalalarida ham yordamlashilmoqda. Faqat mehnat qilish qolyapti. Agar har bir oila o‘zi harakat qilib, hayotida o‘zgarish qilsa, kambag‘allik ham, ishsizlik ham bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Surxondaryo iqlimida 3 martagacha hosil olish mumkinligi, aholiga ko‘maklashib, daromad manbai yaratish zarurligi ta’kidlandi.