O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni, shuningdek, ushbu yetakchi xalqaro institutning mamlakatimizdagi islohotlar dasturini ilgari surishdagi faol ishtirokini kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Anna Berdeni yaqinda yangi lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutladi va mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Amaliy hamkorlikning yuqori sur’ati va natijadorligi katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda qo‘shma loyihalar portfeli sezilarli darajada kengayib, 10 milliard dollardan oshdi. Bunda, 2017-yildan keyingi davrdagi moliyalashtirish hajmining yarmi oxirgi bir necha yilda ajratilgan. Bugun O‘zbekiston Bankning eng yirik benefitsiarlaridan biriga aylandi.
Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlariga asoslangan 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Sheriklik dasturi qabul qilingan va amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikka qarshi kurashish, energetika tarmog‘ini transformatsiya qilish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, xususiylashtirishni boshlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda sezilarli natijalarga erishildi.
Vitse-prezident Jahon bankining mamlakatimizdagi ortga qaytmas islohotlar strategiyasini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga intilishi qat’iy ekanini ta’kidladi.
Bank kambag‘allikka qarshi kurashish, tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirish va moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish, qishloq infratuzilmasi va o‘rta shaharlarni modernizatsiya qilish, xotin-qizlar bandligi va yoshlarning kasbiy ta’limi, 2030-yilga qadar sog‘liqni saqlash strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalarga faol ko‘maklashish niyatida.
Iqtisodiyotni karbonsizlashtirish va muqobil energetikani rivojlantirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish sohasida master-rejalar, energetik samaradorlikni oshirish dasturi va favqulodda vaziyatlarda energotizimning barqaror ishlash rejimini ishlab chiqish, gidroenergetika loyihalariga ekspertlar ko‘magini va moliyalashtirishni jalb qilish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishlari va taraqqiyoti bo‘yicha mamlakat hisobotini muhokama qilishga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirning yakunlari yuksak baholandi.
Budjetni qo‘llab-quvvatlash, yer islohoti, qishloq va suv xo‘jaligini moliyalashtirish samaradorligini oshirish hamda davlat banklari va korxonalarini xususiylashtirish dasturini jadallashtirish borasidagi amaliy ishlarni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Islohotlar va ustuvor loyihalarni ilgari surish uchun Jahon bankining “Mamlakat platformasi” imkoniyatlaridan keng foydalanilishi ta’kidlandi.
Bank Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan strategik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Ustuvor loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish yuzasidan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.