Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-fevral kuni soha va hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
So‘nggi uch yilda axborot texnologiyalari sohasiga katta e’tibor qaratilgani o‘z natijasini beryapti. O‘tgan yili IT-park rezidentlari 5 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatgan, 140 million dollarlik xizmatlarni eksport qilgan.
Mavjud 715 ta davlat xizmatidan 370 tasi raqamli platformaga o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan o‘tgan yili 12 million aholi foydalangan. Raqamlashtirish natijasida 70 dan ortiq turdagi ma’lumot va hujjatlarni aholidan talab qilish bekor bo‘lgan.
Lekin, bular hali yetarli emas. Soha va hududlarda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Xususan, vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar, adliya, standart, sog‘liqni saqlash sohalarida o‘nlab xizmatlar elektron shaklga o‘tkazilmagan.
Axborot texnologiyalari sohasida mahsulotning ham, eksportning ham asosiy qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayapti. Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida IT-parklar haligacha qurib bitkazilmagan.
Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilandi.
Mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT-arxitektor, operator va muhandislar kerak. Hududlarda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘ini kengaytirish lozim. Xorijiy IT-kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada qulay muhit yaratish zarur. Aholi va tadbirkorlar uchun eng zarur bo‘lgan yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish joiz.
Davlatimiz rahbari bu boradagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Avvalo, Toshkent shahrida sinovdan o‘tgan loyihalar barcha viloyatlarda joriy qilinishi belgilandi. Xususan, poytaxtimizda Raqamli geoportal, Raqamli uy-joy kommunal, Xalq nazorati kabi tizimlar ishga tushirilgan edi. Shahar hokimligida Raqamli rivojlanish departamenti tuzilgan edi. Endi ushbu departament Raqamli texnologiyalar vazirligiga o‘tkazilib, mamlakatimizning barcha hududlarida raqamlashtirishga mas’ul bo‘lishi qayd etildi.
Barcha biznes jarayonlar hamda aholi uchun eng zarur xizmatlarni to‘liq raqamlashtirib, integratsiya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Birgina misol: oldin maktab o‘quvchilarining yagona bazasi bo‘lmagani sababli maktablarda sinflar miqdori turlicha bo‘lgan. O‘tgan yili sentyabrda maktab, bog‘cha, FHDYO va ichki ishlar organlarining ma’lumotlari uyg‘unlashtirilgani natijasida asossiz ochilgan 4 mingta sinf qisqartirilgan va 350 milliard so‘m budjet mablag‘i tejab qolingan.
Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa sohalarda ham amalga oshirish mumkinligini ta’kidladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu maqsadlar uchun mablag‘ ajratish, shuningdek, raqamlashtirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning yarmini vazirlik va hokimliklarning o‘zida qoldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligiga 26 ta axborot tizimini Yagona davlat xizmatlari portaliga birlashtirib, undagi xizmatlar sonini 570 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
– Raqamlashtirishdan maqsad-muddaomiz nima o‘zi? Odamlarni rozi qilish, inson qadrini joyiga qo‘yish, adolatni ta’minlash, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yoshlarni axborot texnologiyalariga o‘qitish, ishlashiga sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarurligini ta’kidladi.
Bu borada, 1-apreldan “Elektron hukumat”, “Biznes uchun dastur”, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan Respublika tanlovi boshlanishi e’lon qilindi. Shuningdek, hududlarda yoshlar yaratgan 50 ta eng yaxshi dastur Raqamlashtirish jamg‘armalari hisobidan sotib olinadi.
So‘nggi ikki yilda yurtimizda 215 ta IT-ta’lim markazlari ochilgan. Bunday muassasalarni va ularning bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy imtiyozlar berilishi aytildi. Jumladan, eksportchi kompaniyalarga ishga joylashgan har bir mutaxassis uchun 25 million so‘mgacha, imkoniyati cheklangan yoshlarga esa 35 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. IT-sertifikati bor yoshlarga kompyuter xaridi uchun imtiyozli kredit ularning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.
“Bir million dasturchi” loyihasi ham o‘z samarasini berdi. Hozirda IT-parklar mutaxassislarining ko‘pchiligi shu dasturni tamomlagan yoshlar hisoblanadi.
Endi yoshlarni “Coursera” platformasi orqali o‘qitish ham kengaytiriladi. Ular orasidan eng iqtidorlilari tanlab olinib, alohida dastur asosida xalqaro IT-bozor uchun tayyorlanadi.
Yig‘ilishda sohadagi eksportni ko‘paytirish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 300 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari buning uchun xorijiy buyurtmalarni jalb qilishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi. Shu bois IT-parkda xorijiy kompaniyalar uchun Raqamli moliya texnologiyalari markazi tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborot va takliflari eshitildi.