O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifining birinchi kunini ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshladi.
Misr tomonidan tadbirda xalqaro hamkorlik bo‘yicha vazir Raniya al-Mashat, Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Ibrohim Mahmud al-Arabiy, “Elsewedy Electric”, “El Araby Group”, “Orascom Construction”, “Poliserve Group”, “Al-Rowad”, “Lotus Garments Group” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan salohiyat borligi, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
Mamlakatimiz yetakchisi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan o‘tmishda gullab-yashnagan Buyuk Ipak yo‘lidek mustahkam hamkorlik ko‘priklarini qayta tiklashda muhim o‘rin tutishini ko‘rsatib o‘tdi.
Keyingi yillardagi sheriklik sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari karrasiga oshdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni 6 barobar ko‘paydi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston-Misr biznes forumining samarali natijalarini, uning yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilganini yuksak baholadi.
Energetika, elektrotexnika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.
– Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta investitsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar ochiq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va yangi o‘sish nuqtalarini ro‘yobga chiqarish yuzasidan fikr almashildi. Qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirishni tez fursatda boshlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Misrning yetakchi kompaniyalari vakillari o‘z chiqishlarida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadilar.
Bo‘layotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida qayd etildi.
Masalan, “Elsewedy Electric” kompaniyasi elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Misrdagi eng yirik korxona bo‘lib, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qo‘shimcha qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga tayyor.
“Orascom Construction” O‘zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo‘yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohozalari bilan bo‘lishib, Misrning yirik sarmoyadorlari mamlakatimizni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ko‘prik sifatida ko‘rayotganlarini qayd etdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirilgan reja va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston tomonining mutasaddilariga taklif etilgan loyihalar ijrosi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash topshirig‘ini berdi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilab olindi.