BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining katta maslahatchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida

2023-yilning 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining (QBOKB) katta maslahatchisi Frank Remus bilan uchrashdi.

Umumiy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Xususan, QBOKB vakili Oʻzbekistonning afgʻon xalqiga har tomonlama yordam koʻrsatish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan Termiz shahridagi Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi orqali Afgʻonistonga yuk tashish imkoniyatini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi. 

Shu munosabat bilan tomonlar O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, nafaqat Afg‘onistonga, balki dunyoning boshqa mamlakatlariga ham yuklarni yetkazib berish uchun barcha zarur infratuzilmaga ega Termiz shahridagi Xalqaro xabdan keng foydalanish masalalari muhokama qilindi.