Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Barkamol avlod” kichik sanoat va tadbirkorlik zonasida bo‘ldi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish uchun joylarda texnopark va kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Namangan viloyatida bunday majmualar soni 73 taga yetdi.
Barkamol avlod mahallasida ham ishbilarmonlar, hunarmandlar ko‘p. Lekin ular uy sharoitida ishlar, imkoniyatlari cheklangan edi.
Shu bois mahalla yonidagi 10 gektarda zarur infratuzilmaga ega yaxlit majmua barpo etildi. Bu yerga 46 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning 18 tasida ishlar yakunlanib, korxonalar faoliyatini boshlab yubordi, 2 mingdan ortiq ish o‘rni ochildi.
Davlatimiz rahbari shu yerdagi “Master klass dizayn”, “Sifat yog‘och sanoat”, “Balans teks” korxonalaridagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Birinchi korxonada yiliga 150 ming dona charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. “Sifat yog‘och sanoat” yiliga 1 ming 200 to‘plam mebellar, “Balans teks” 400 ming dona to‘qimachilik tovarlari tayyorlash quvvatiga ega. Ularda qo‘shni mahallalardagi avval ishsiz bo‘lgan yoshlar, xotin-qizlar mehnat qilib, daromad topmoqda. Mahsulotlar sifatliligi va hamyonbopligi bilan import o‘rnini egallamoqda.
– O‘zi odamlarimiz ishbilarmon, shijoatli. Mana, zamin yaratuvdik, tadbirkorlik «yurib ketdi». Endi ishlab chiqaruvchilarga tannarxni tushirish bo‘yicha yordam berish kerak. Tannarx – tadbirkorning «hayot-mamoti». Tannarx pasaysa, eksportga chiqish yengillashadi, biznes kengayadi, yana ishchi oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sanoat zonasidagi boshqa loyihalarda uskunalar o‘rnatilmoqda. Umuman, bu yerda tayyor kiyim-kechak, charm-poyabzal, qurilish materiallari, mebel, qog‘oz, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shu atrofdagi Barkamol avlod, Yakkatut, Yangihayot, Objuvoz, Lola, Chaman mahallalarida yashovchi 6 mingdan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi.
Prezidentimiz shu yerda Namanganda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Mavjud tarmoqlarga qo‘shimcha asalarichilik, zargarlik, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.