Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalini borib ko‘rdi.
Ilgari bu shifoxaning binolari ham, ish uslubi ham eski edi. Davlatimiz rahbari 2018-yilda bu yerga kelib, uni rekonstruksiya qilish va zamonaviy jihozlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shu asosida katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Tibbiy uskuna va jihozlar yangilandi. Boshqaruvda klinik menejment joriy etildi.
Gospital jami 700 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, soha faxriylari bepul davolanadi. Shuningdek, boshqa bemorlarga ham pullik xizmat ko‘rsatiladi. Buning uchun 286 xil diagnostik tekshiruv, 600 dan ortiq amaliyotlar yo‘lga qo‘yilgan, 30 ga yaqin ixtisoslashgan bo‘limlar tashkil etilgan.
Xususan, jarrohlik bo‘limlari uchun 8 qavatli yangi bino barpo etilgan. Davlatimiz rahbari undagi sharoitlar bilan tanishdi. Bunday shifoxonalarni hududlarda ham tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Harbiylardan tashqari sportchilar va ayollarni davolash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ta’lim bilan amaliyot bog‘liqligi ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ilgari bunday mutaxassislar Toshkent tibbiyot akademiyasining Harbiy tibbiyot fakultetida tayyorlanar edi. Prezidentimizning 2020-yil 22-oktabrdagi “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur fakultet negizida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi tuzildi.
Ahamiyatlisi, ushbu ta’lim maskani Markaziy harbiy klinik gospital yonida qurildi. Prezident bu yerdagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.
Akademiya 250 nafar talaba va tinglovchiga mo‘ljallangan. Bu yerda bo‘lajak harbiy shifokorlar o‘qitiladi hamda tibbiyot xodimlari qayta tayyorlanadi. O‘quv binosida 2 ta fakultet, 5 ta kafedra, 2 ta markaz, institut va ma’muriyat joylashgan. Xonalarda o‘quv va mashg‘ulotlar uchun barcha sharoit yaratilgan. 186 o‘rinli yotoqxona ham bor.
Davlatimiz rahbari akademiyadagi ta’limning mazmuniga alohida ahamiyat qaratdi.
– Bino va sharoitlar yaxshi, lekin bu ishning boshlanishi. Endi asosiysi harbiy tibbiyotning mazmunini, mohiyatini tushunib, o‘qishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Buning uchun xorij tajribasi asosida pedagogik, ilmiy va amaliy tizim yaratish zarur. Bu tizim boshqa tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga muqobil va raqobatchi, bitiruvchilar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha namuna bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Akademiyada xorijiy boshqaruvni joriy etish, ilk bitiruvchilarni Turkiya va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarga malaka oshirishga yuborish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.