Prezident: O‘zbekistonning davlat suvereniteti, sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash – tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz

Mudofaani boshqarish milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlarimizning qo‘mondonlik tarkibi, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz mudofaasi va xavfsizligini mustahkamlash bo‘yicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Qayd etilganidek, o‘tgan yili ham Qurolli Kuchlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, qo‘shinlarning jangovar shayligi va ruhiy tayyorgarligini oshirish, bo‘linmalarni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash davom ettirildi.

Barcha kuch tuzilmalarining o‘zaro hamkorlikdagi axborot-kommunikatsiya tizimlari Qurolli Kuchlarni boshqarish jarayonlariga izchil integratsiya qilinmoqda. Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda. Qurolli Kuchlar boshqaruv organlari va qo‘shinlarni birgalikda tayyorlash tizimiga xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari joriy etilmoqda.

“Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil o‘z natijasini berdi. Harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyati samarasida harbiy shaharchalar infratuzilmasi to‘liq yangilandi, yangi o‘quv poligonlari barpo etildi.

Vatan himoyachilarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham mustahkamlandi. O‘tgan yili 3 mingdan ortiq oilalar uy-joy bilan ta’minlandi. Harbiy ayollar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida “To‘maris” nishoni ta’sis etildi. Harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli asosda o‘qishga kirdi, rafiqalari va harbiy pensioner ish bilan ta’minlandi.

Yig‘ilishda sohadagi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Hozirgi shiddatli geosiyosiy qarama-qarshiliklar sharoitida iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, axborot xavfsizligi va boshqa sohalarda keskin muammolar paydo bo‘lmoqda. Murakkab xalqaro vaziyat, xavfsizlikka nisbatan xavf-xatar va tahdidlarning kuchayishi Markaziy Osiyoda ham kuzatilmoqda.

– Eng katta boyligimiz bo‘lgan tinch hayotni asrash, xalqimiz farovonligini ta’minlash, kelajak rejalarimizni belgilashda ana shu holatlarning barchasini inobatga olishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Biz har qanday vaziyatda ham O‘zbekistonning davlat suvereniteti, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashimiz shart. Bu – bizning tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir.

Shulardan kelib chiqib, navbatdagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Avvalo, Qurolli Kuchlarni raqamlashtirishni jadallashtirish, sohadagi vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot maydoniga birlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Mudofaani boshqarish milliy markazi bu tizimning o‘zagi bo‘ladi.

Harbiy ta’lim dasturlarini ilg‘or tajriba asosida yangilash, pedagoglar malakasini oshirish, Harbiy injenerlar maktabini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mamlakatimizning safarbarlik sohasidagi tayyorgarligi va hududiy mudofaasini tashkil etish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. Qo‘mondonlik tarkibining qo‘shinlarni boshqarish va vositalarni qo‘llash bo‘yicha malakasini oshirishi zarurligi qayd etildi.

Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

– Bizga bu kuchni chetdan izlashning hojati yo‘q. Shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi, – dedi davlatimiz rahbari.

Dunyoda ro‘y berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli to‘qnashuvlar tahlili Qurolli Kuchlarimiz jangovar qobiliyatini oshirishni taqozo etmoqda. Shu bois milliy armiyani zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash, jumladan, harbiy aviatsiya va havo hujumidan mudofaa tizimini rivojlantirish dolzarbligi ta’kidlandi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish masalalariga e’tibor qaratildi. Ular uchun ipoteka asosida ko‘p qavatli uylar qurish, harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini tartibga solish, harbiy tibbiyot muassasalari sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Xavfsizlik kengashi a’zolari, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari so‘zga chiqdi. Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

So‘zining yakunida Prezident barcha harbiylarni, butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.