2022-yil 23-dekabr kuni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti yigʻilishida ishtirok etish uchun Tokioga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan birgalikda Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida bilan uchrashdi.
Tadbirda mintaqamiz mamlakatlari bilan Yaponiya oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻz nutqida Yaponiya Bosh vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
V.Norov Yaponiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish Oʻzbekistonning tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy ustuvor yoʻnalishlaridan ekanini taʼkidladi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan diplomatik munosabatlarning 30 yildan ziyod davrida yuqori darajadagi ishonch va chinakam strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilgan.
Yaponiya hukumatining Orolboʻyida ekologik vaziyat va aholi turmushini yaxshilashga qoʻshgan hissasi alohida qayd etildi.
Yaponiya Bosh vaziri Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan chuqur oʻzgarishlarni yuksak baholadi.