Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘lmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev muzokaralarni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Davlatimiz rahbari ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining barcha yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.

– Xalqlarimiz tarixi va taqdiri chambarchas bog‘liq, biz etu tirnoq bo‘lib ketganmiz, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz shu kunlarda butun O‘zbekiston bo‘ylab qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qo‘nonboyevning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bunday tadbirlar xalqlarimiz bir-birining shonli tarixi va bugungi hayotiga katta qiziqish bilan qarayotganini tasdiqlab, do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

– Bugun ikkita tarixiy hujjatni imzolaymiz. Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga javob beradigan hamda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlaydigan Ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnomani alohida qayd etmoqchiman.

Ittifoqchilik – davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi, o‘zaro ishonch belgisi. Shu bilan umumiy kelajagimizni birgalikda qurishga intilishimizni tasdiqlayapmiz.

Davlat chegaralarini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma aloqalarimiz mustahkamligidan dalolat beradi, mintaqada tinchlik va xavfsizlik maqsadlariga xizmat qiladi. Chegaralarimiz doimo do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik hududi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qozog‘iston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Mushtarak tarixga, xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga tayanib, Qozog‘iston va O‘zbekiston mustahkam, uyg‘un munosabatlarni yo‘lga qo‘ydilar, – dedi Qasim-Jomart Toqayev.

Qozog‘iston yetakchisi bugun imzolanadigan shartnomalar yangi ufqlar ochishi hamda ikki mamlakatning yanada yaqinlashishga mushtarak intilishlarini to‘liq ifoda etishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyevga bunyodkorona siyosati va Qozog‘iston-O‘zbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, ushbu islohot O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning o‘zagi iqtisodiyot ekani, ikki mamlakatning ulkan salohiyatidan foydalanishga e’tiborni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Xususan, oxirgi besh yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi, joriy yil yakunida esa besh milliard dollarga yaqinlashadi. Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali yaqin yillarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish maqsadida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari boshchiligida ishchi guruh tuzish va qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Bugun energetika, avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, qurilish, logistika va boshqa sohalarda yirik loyihalarga start berilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

– Hozirda loyihasi ishlab chiqilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yangi loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon bo‘lishiga ishonaman, – dedi davlatimiz rahbari.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Jumladan, kuni kecha o‘tgan biznes forum yangi investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Yana bir muhim yo‘nalish – energetika. Davlat rahbarlari energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va qurish, geologiya qidiruvi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar.

Tranzit salohiyatidan foydalanish va uni oshirish hamkorlikning muhim sohalaridan biri sifatida qayd etildi.

– Bugun biz yuk tashishlarning barqaror o‘sishiga erishdik, ikki tomonlama va tranzit tashishlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishdik.

Yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish maqsadida transport infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni tezlashtirishga ahdlashib oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentlar parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada mustahkamlash va kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

– Oliy darajadagi barcha kelishuvlar ijrosini monitoring qilish uchun Parlamentlararo kengash imkoniyatlaridan foydalanish zarur, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezidentimiz Ostona shahri markazida buyuk o‘zbek shoiri, davlat arbobi Alisher Navoiy hafkalini o‘rnatish haqida qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirdi.

– Bu umumiy tariximiz va madaniyatimizga katta ehtiromning yorqin tasdig‘i, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari abadiyligi ramzidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari umumiy madaniy-tarixiy merosimizni o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, shu maqsadda TV, radio va veb-saytdan iborat qo‘shma axborot resursini tashkil etish, buyuk yozuvchi va shoirlarimiz asarlarini nashr qilishni taklif etdi.

Muzokaralar yakunida ikki davlat hukumatlariga erishilgan barcha kelishuvlar ijrosini qat’iy nazoratga olish va tegishli “yo‘l xaritasi”ni kelishish topshirildi.