Qozog‘iston Prezidenti Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralarini ziyorat qildi

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Toshkent shahridagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralarini ziyorat qildi.

Shayx Xovandi Tohur XIV asrda yashagan olim va so‘fiy, Ahmad Yassaviy ta’limotining davomchisi bo‘lgan. Insonlarni ilm-ma’rifatga, yetakchilarni tinchlik-ahillikka chorlagan valiy zot sifatida xalq xotirasida qolgan.

Shayx maqbarasi atrofi aziz qadamjoga aylangan. Xususan, XVII asrda bu yerga To‘labiy dafn etilgan. Qaldirg‘ochbiy deb ham ataladigan bu inson qozoq elining bosh qozilaridan hamda «Jeti Jarg‘i» qonunlar to‘plamining tuzuvchilaridan biri bo‘lgan.

Yonma-yon joylashgan bu maqbaralar o‘zbek va qozoq xalqlari azaldan birga yashagani, qardoshu hamfikr bo‘lganining yana bir dalolatidir.

Qozog‘iston rahbari maqbaralar tarixi bilan tanishdi, obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Qasim-Jomart Toqayev qardosh xalqlarimizning umumiy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilayotgan e’tibor uchun O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirdi.