2022-yil 21-dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Bahromjon A’loyevning Qozog’iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Yermuxambet Konuspayev bilan uchrashuvi bo’lib o’tdi.
Tomonlar O’zbekiston va Qozog’iston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.
Hozirgi bosqichda O’zbekiston-Qozog’iston yaxshi qo’shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq izchil mustahkamlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qozog’iston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga bugun boshlangan davlat tashrifining tashkiliy va mazmun jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tadbir amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, davlatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muzokaralarda O’zbekiston-Qozog’iston davlat chegarasini yakuniy xalqaro-huquqiy rasmiylashtirish masalalari ham ko’rib chiqildi.
O’zbekiston-Qozog’iston qo’shma demarkatsiya komissiyasining samarali faoliyati va yaxshi qo’shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va mamlakatlar o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish uchun chegara demarkatsiyasini yakunlash muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv an’anaviy iliq va do’stona muhitda o’tdi.