Vladimir Norov: «Birgalikda Markaziy Osiyoning yangi kelajagini qurmoqdamiz»

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov «Yangi O’zbekiston – o’zgaruvchan va o’zaro bog’liq dunyoda ishonchli hamkor» mavzusidagi davra suhbati davomida mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishi bo’lgan Markaziy Osiyo haqida alohida to’xtalib o’tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keng ko’lamli islohotlar va demokratik o’zgarishlar yo’lida borayotgan O’zbekiston tashqi siyosatda ham yangicha yo’l tutmoqda. Mazkur siyosat asnosini xalqaro huquq tamoyillariga amal qilish, tinchlik, yaxshi qo’shnichilik, har tomonlama hamkorlikka, mintaqaviy barqarorlik va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash tashkil qilib, bu tamoyillakr O’zbekiston milliy manfaatlariga to’la javob beradi.

«O’zbekiston Respublikasi har bir davlat manfaatlarini hisobga olish va o’zaro hurmatga asoslangan konstruktiv muloqot va ko’p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridir», dedi V. Norov. Bunga O’zbekistonning Markaziy Osiyodagi hamkorligi misol bo’la oladi. So’nggi yillarda mamlakatimizning mintaqadagi barcha davlatlar bilan munosabatlari yuqori strategik darajaga ko’tarildi. 

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari yuksak darajadagi o’zaro ishonch va hamkorlikka erishishning muhim mexanizmi bo’ldi. Mazkur uchrashuvlar davlatlarimizning savdo-iqtisodiy, transport, ekologik bog’liqligi bo’yicha umumiy yondoshuvlarni ishlab chiqishga, shuningdek mintaqa ichidagi dolzarb masalalarni hal qilishga yordam bermoqda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda birgalikda amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasi o’laroq o’zaro ishonch va hamkorlikning mutlaqo yangi, ijobiy muhiti shakllandi. So’nggi besh yil ichida mintaqaviy tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga oshdi. Sanoat kooperatsiyasiga doir qo’shma loyihalarini amalga oshirish, samarali qo’shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha ishlar olib borilmoqda. Mintaqa mamlakatlari birgalikda yangi qiyinchiliklar va xatarlarga qarshi kurashmoqdalar.

“Birgalikda jahon iqtisodiy aloqalariga jadal integratsiyalashgan, yagona, mustahkam, barqaror va obod mintaqa sifatida Markaziy Osiyoning yangi kelajagini qurmoqdamiz», – deya ta’kidladi O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri.