Vashingtonda O’zbekiston va Missisipi shtati o’rtasidagi hamkorlikning 10 yilligi nishonlandi

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov O’zbekiston Mudofaa vazirligi va Missisipi milliy gvardiyasi o’rtasidagi hamkorlikning 10 yilligi munosabati bilan qabul marosimida ishtirok etdi.

Shuni ta’kidlash kerakki, so’nggi yillarda O’zbekiston Mudofaa vazirligining Missisipi Milliy gvardiyasi bilan hamkorligi salmoqli darajada faollashdi. Ikki mamlakat harbiy xizmatchilari qo’shma amaliy tadbirlarni, shu jumladan treninglar, mashg’ulotlar o’tkazib, axborot almashinuvu va turli yo’nalishlarda harbiy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirish bo’yicha choralarni amalga oshirmoqdalar.

Jumladan, 2019-yildan boshlab O’zbekiston harbiy xizmatchilari har yili «Kemp Shelbi», «Kemp Makkeyn», «Golfport» o’quv markazlari negizida o’tkaziladigan «Janubiy zarba» qo’shma mashg’uloti va «Eng yaxshi jangchi» musobaqasida qatnashib kelmoqdalar. O’zbekiston Mudofaa vazirligi vakillari Missisipi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari bilan munosib bellashib, bir necha yil ketma-ket AQSh musobaqalarida sovrinli o’rinlarni egalladilar.

Missisipi Milliy gvardiyasi vakillari ta’kidlaganidek, Qo’shma Shtatlar O’zbekistonni strategik sherik sifatida qadrlaydi, mamlakatimizning Markaziy Osiyoda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga qo’shayotgan hissasini e’tirof etadi.

Tomonlar O’zbekiston va Missisipi shtati o’rtasidagi ko’p qirrali hamkorlik izchil kengayib borayotgani bilan ajralib turishini ta’kidladilar. Biznes va ilmiy doiralar o’rtasidagi hamkorlikni chuqurlashib borayotgani alohida qayd etildi. Bundan tashqari, Zarafshon va Klinton shaharlari o’rtasida sheriklik aloqalari o’rnatildi. Muntazam ravishda yuqori darajadagi o’zaro tashriflar tashkil etilib, bu orqali yaqin muloqot sur’atlari kuzatilmoqda.