2022-yilning 6-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Tim Torlotni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining muzokaralari (1-dekabr kuni, Lodz) hamda Buyuk Britaniyaning 73 yetakchi kompaniyasining 126 nafar vakillari ishtirok etgan O‘zbekiston-Buyuk Britaniya savdo va sanoat kengashining 26-yig‘ilishi (30-noyabr, Toshkent) samarali natijalarni qayd etildi. mazkur tadbirlar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni amalda tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.
Bo‘lajak turli darajadagi qo‘shma aloqalarni, xususan, 15-dekabr kuni Toshkent shahrida TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishning tashkiliy masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Elchi Britaniya ekspertlari ishtirokida GSP+ tizimidan foydalanish, kapital bozori va bank sektorini rivojlantirish bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganish yuzasidan seminarlar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi.