2022-yilning 1-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Norvegiya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri Anniken Xutfeldt bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar idoralari rahbarlari O‘zbekiston-Norvegiya kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlashdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi. Shu nuqtayi nazardan, turli daraja va formatlarda o‘zaro tashriflarni tashkil etish, TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish, parlamentlar aloqalarini chuqurlashtirish, ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi ayrim masalalar, xususan, Afg‘onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.