O‘zbekiston Prezidenti “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 noyabr kuni Xorijiy investorlar kengashining birinchi majlisi doirasida “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Joriy loyihalarni amalga oshirish masalalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari kompaniya mamlakatimizning turli hududlarida energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishga hissa qo‘shayotganini yuqori baholadi.

Kompaniya investitsiyalarini vodorod energetikasini rivojlantirish, shamol elektr stansiyalarini qurish, xorijiy ekspertlar ishtirokida yuqori malakali milliy kadrlarni tayyorlashga jalb qilish muhimligi qayd etildi.

Muhammad Abdulla Abunayyan kompaniya O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishga, shuningdek, kelgusi yilning birinchi choragida Toshkent shahrida O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.