2022-yil 15-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bolalar sohasidagi yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshon Xon bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi, aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli rejalar belgilab olindi.
Afshon Xon O‘zbekiston bilan YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillardagi ijobiy sur’atlarda rivojlanayotgani, respublikada yirik qo‘shma tadbir va loyihalarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha aloqalar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etdi.
U O‘zbekistonning mintaqada bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish borasidagi islohotlarni amalga oshirishdagi muhim rolini ta’kidladi.
YUNISEFning mintaqaviy direktori shu kunlarda Toshkentda o‘tkazilayotgan YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasini yuqori baholadi. Ushbu anjuman barcha uchun umumiy, adolatli va sifatli ta’limni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar almashish uchun xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida Vladimir Norov Afshon Xonga mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning salomatligini ta’minlash va sifatli ta’lim-tarbiya olish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Bolalar va yoshlar manfaatlari yoʻlida aniq natijalarga erishish maqsadida, jumladan, 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida YUNISEF bilan samarali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.