2022-yil 15-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qo’shma Shtatlarining Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Jonatan Devid Xennikni qabul qildi.
Uchrashuv Vazirga Elchi tomonidan ishonch yorliqlari nusxalarini topshirish marosimi bilan boshlandi. O’z navbatida, V.Norov Elchini lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat davomida ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek, ikki tomonlama darajada va «C5+1» shaklida bo’lajak tadbirlar jadvali ko’rib chiqildi.
Savdo-investitsiya aloqalarini rivojlantirish, jumladan, O’zbekiston iqtisodiyotiga Amerika kapitali va texnologiyalarini jalb qilish, to’qimachilik, farmatsevtika, energetika, AKT jabhalarida qo’shma korxonalar tashkil etish, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
Tomonlar, shuningdek, Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha ham fikr almashdilar. Ushbu mamlakatga xalqaro yordamni kengaytirish zarurligiga qayd etildi.