O‘zbekiston Prezidenti maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi

Toshkent shahrida kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish masalalari bo‘yicha jahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

15 noyabr kuni bu anjumanga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi

Konferensiya dunyoda 2030-yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Unda YUNЕSKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin mamlakatdan vazirlar va vakillar, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida soha bo‘yicha dunyodagi vaziyatga to‘xtalib, millionlab bolalarning boshlang‘ich bilim olish imkoniyati cheklangani, mutaxassislar birgalashib, maktabgacha ta’lim qamrovini oshirishi muhimligini aytdi. O‘zbekistonda “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat” degan tamoyil asosida aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratilayotgani ta’kidlandi.

– Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish orqali kelajakda ularning o‘zligini to‘la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz. Zero, bu ezgu maqsadimiz yo‘lida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortig‘i bilan qaytishiga shubha yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ilgari yurtimizda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Bolalar bog‘chalarida zamonaviy qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.

Shu bois davlatimiz rahbari bu bo‘g‘inga alohida e’tibor qaratib, barkamol avlodni aynan kichik yoshdan tarbiyalash siyosatini belgilab berdi. O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi farmoniga muvofiq, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Bog‘chalar qurish va ta’mirlash, ilg‘or tarbiya uslublari va metodikalarini joriy etish bo‘yicha ko‘p ishlar boshlandi.

Sohani rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham imkoniyat yaratildi. Har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat budjeti hisobidan subsidiyalar berish yo‘lga qo‘yildi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi.

Natijada so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim muassasalari soni 6 barobarga ko‘paydi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shu tariqa, bog‘cha yoshidagi 2 million 800 ming nafar boladan 2 million nafari maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.

Davlatimiz rahbari ta’lim tizimidagi uzviylik masalasiga ham to‘xtaldi. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar ikki bor uyg‘onish davriga asos solgani, bugungi va kelajak avlodlar ham ilmga intilishi kerakligi ta’kidlandi.

– Biz yurtimizda Uchinchi Renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz. Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.

Bu borada milliy tajriba va jahondagi ilg‘or yutuqlarni uyg‘unlashtirgan holda ish yuritilmoqda. Buni izchil davom ettirib, 2025-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Prezidenti sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim muammolarini global darajada samarali hal qilish, birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlar ishlab chiqish maqsadida mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borish taklifi bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan barcha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Toshkentda YUNЕSKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlar olib borish, tarbiyaning yangicha uslublari va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dastur ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Sohadagi ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini bayon etdi.

2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining asosiy mavzularidan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarga ta’lim-tarbiya berish masalasini kiritish muhimligi ta’kidlandi.

Konferensiya turli mavzulardagi sho‘’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi. Anjuman yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.