O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etish doirasida 2022-yil 22-sentabr kuni Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Pekka Xaavisto bilan uchrashuv o’tkazdi.
Tomonlar siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni jadallashtirish bo’yicha amaliy choralar ko’rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Innovatsiyalar, ta’lim, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, AKT, qishloq xo’jaligi va turizm sohalarida qo’shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
V.Norov O’zbekiston Finlyandiya kompaniyalarining ilg’or texnologiyalarini milliy iqtisodiyotga jalb etishdan manfaatdorligini bildirdi.
Muzokalarda atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. P.Haavisto qayd etganidek, Finlyandiya Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilashda BMTning Orolbo’yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo’yicha ko’p sheriklik jamg’armasi orqali O’zbekistonga faol yordam ko’rsatishda davom etishga tayyor.
Ta’lim va madaniyat sohalaridagi aloqalar ijobiy sur’atlarda o’sayotgani qayd etildi. Joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida Nordik xalqaro universitetining ochilishi O’zbekistonda Finlyandiya ta’lim tizimini o’rganish va joriy etishga, kadrlar tayyorlashga yordam berishga xizmat qilishi e’tirof etildi.