O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining Toshkent shahridagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Husrav Noziri bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, Husrav Noziri tashkilotni izchil rivojlantirish, IHT doirasidagi konstruktiv hamkorlikni jadallashtirish, uning dasturiy maqsad va vazifalarini samarali amalga oshirishda O‘zbekistonning o‘rni ortib borayotganini taʼkidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yilni IHTda “O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili” deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi taklifi IHTga aʼzo barcha mamlakatlar tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlangani respublikaning tuzilmadagi muhim ahamiyati birday eʼtirof etilayotganidan dalolatdir.
Bosh kotib birlashmaga raislik doirasida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlarga yuqori baho berdi. Husrav Nozirining O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilotning 2021 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Ashxobod sammitida ilgari surilgan barcha tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirildi.
Bo‘lajak tadbirlar, jumladan, IHTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy-konseptual jihatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda IHT doirasida savdo, investitsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi, transport yo‘laklari va boshqa sohalarda hamkorlikni oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Afg‘onistondagi vaziyat, ushbu davlatning IHT faoliyatidagi ishtirokini jadallashtirish va mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuviga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, Husrav Noziri 2022 yil 25-26-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishini tasdiqladi.
Bosh kotib IHT Kotibiyati O‘zbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpog‘istonda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar yo‘nalishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi.