O‘zbekiston TIV rahbari Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili bilan telefon orqali muloqot qildi

TOSHKENT, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov kecha Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel bilan telefon orqali muloqot qildi.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tomonlarni qiziqtirgan sohalarda hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yil mamlakatimizda o‘tkazilishi kutilayotgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha vazirlar konferensiyasi hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi  ishlar vazirlarining uchrashuvi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Yevropa tomonining 2022-yil 25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yevropa tomoniga Qoraqalpog‘istondagi mavjud holat, vaziyatni beqarorlashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, hududda tinchlik, osoyishtalik va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Eslatib o‘tamiz, 4 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.