Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida milliy OAV vakillari va TIV huzurida doimiy akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘z va matbuot erkinligini taʼminlash, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, davlat va jamoat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabriklar ekan, Vladimir Norov ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarni dunyo va mamlakatda ro‘y berayotgan jarayonlar va hodisalar haqida xabardor qilishda muhim o‘rin tutishini eʼtirof etdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga qatʼiy amal qilishi taʼkidlandi. Tashqi siyosat idorasining matbuot vakillari bilan konstruktiv muloqot olib borish, TIV vakolatiga kiradigan barcha masalalar bo‘yicha OAV bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirish, O‘zbekiston diplomatiyasi to‘g‘risida xolis va ishonchli maʼlumotlarni taqdim etishga tayyorligi maʼlum qilindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzurida tashqi siyosatga doir mavzularni yoritishga ixtisoslashgan tajribali jurnalistlar orasidan ekspertlar guruhi tashkil etish rejalashtirilgani eʼlon qilindi. Shuningdek, jahon va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari bo‘yicha OAV uchun treninglar va seminarlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv doirasida O‘zbekistondagi islohotlar va respublika tashqi siyosatini faol yoritgani uchun qator milliy va xorijiy jurnalistlarga tashakkurnoma topshirildi.