Argentina Elchisi bilan uchrashuv

2022-yil 23-iyun kuni O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Argentina Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) Eduardo Antonio Zuaynni qabul qildi.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bilan boshlangan uchrashuv avvalida V.Norov Elchiga diplomatik missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi. 

Suhbat chog’ida O’zbekiston-Argentina hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. 

Tomonlarning konstruktiv siyosiy muloqotni faollashtirishga tayyorligi ta’kidlandi. O’zaro aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, vazirliklararo maslahatlashuvlarni o’tkazish, shuningdek, xalqaro institutlar doirasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo’yicha takliflar ko’rib chiqildi. 

O’zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O’zbekiston iqtisodiyotiga Argentina kapitalini jalb etish, investitsiyalarni himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish to’g’risida bitim tuzish, Argentina biznes-subyektlari delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifini tashkil etish orqali savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi. 

Elchi Argentina kompaniyalarning O’zbekistonda turli sohalarda qo’shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

O’zbekiston va Argentinaning madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarni mustahkamlashga birday intilishi tasdiqlandi. Tomonlarning ikki mamlakat hududida o’tkaziladigan kinofestivallar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish, kadrlar tayyorlashda oliy ta’lim muassasalari aloqalarini kengaytirish, sport sohasidagi munosabatlarni rivojlantirish, sayyohlik almashuvlarini jadallashtirish masalalarini o’rganib chiqishga tayyorligi ma’um qilindi.

Eduardo Antonio Zuayn ta’kidlaganidek, Argentina Yangi O’zbekistonni Rivojlantirish strategiyasining amalga oshirilish jarayonini katta qiziqish bilan kuzatib, respublikaning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida kechayotgan o’zgarishlarni olqishlaydi. Buenos-Ayres O’zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishni ustuvor vazifa deb biladi va bu borada qat’iy amaliy choralar ko’rishga tayyordir.