SHHTning 25 yilligiga kelib, Tashkilotning iqtisodiy tarkibiy qismi tobora aniq va amaliy mazmun kasb etmoqda. Bugungi kunda birlashma 3,4 milliarddan ortiq aholiga ega 10 ta davlatni qamrab oladi. Ular jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb chorak qismi va xalqaro savdoning 15 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Bozorlar, resurslar va ishlab chiqarish salohiyatining bunday jamlanishi investitsiyalar, kooperatsiya va o‘zaro bog‘langan infratuzilmani rivojlantirish uchun salmoqli asos yaratadi.
2026-yil 31-avgust – 1-sentabr
kunlari Bishkek shahrida Qirg‘izistonning SHHTga raisligi yakunlanadigan
yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi. Mazkur sammit Tyanjin shahrida qabul qilingan
Tashkilotni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishning
birinchi yiliga to‘g‘ri keladi. Investitsiya, savdo va sanoat kun tartibi
nuqtayi nazaridan ushbu davr, eng avvalo, korxonalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash,
to‘siqlarni kamaytirish, tartib-taomillarni soddalashtirish, ishlab chiqarish
aloqalarini kengaytirish, transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish
hamda moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bilan bog‘liq.
O‘zbekiston uchun bunday
yondashuv SHHTning iqtisodiy tarkibiy qismini kuchaytirishga qaratilgan izchil
siyosatning mantiqiy davomi hisoblanadi. 2022-yilgi Samarqand sammiti muhim
bosqich bo‘lib, unda barqaror ta’minot zanjirlarini shakllantirish, oziq-ovqat
va energetika xavfsizligini ta’minlash sohasidagi tashabbuslar mustahkamlandi
hamda iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyatlar kengaytirildi.
Mazkur salohiyatning milliy
iqtisodiyot uchun ahamiyati asosiy ko‘rsatkichlar dinamikasida ham o‘z aksini
topmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonning SHHT davlatlari bilan tovar ayirboshlash
hajmi 40,6 milliard dollarni tashkil etib, 21,7 foizga oshdi. 2026-yil
yanvar–iyun oylarida ushbu ko‘rsatkich 21,9 milliard dollarga yetdi. Tashkilot
davlatlaridan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 2025-yilda 24,8 milliard
dollarni, 2026-yilning birinchi yarim yilligida esa 17,8 milliard dollarni
tashkil etdi. Qo‘shma investitsiya portfeli umumiy qiymati 102,8 milliard
dollarlik 1 438 ta loyihani o‘z ichiga oladi.
Erishilgan hajmlar iqtisodiy aloqalarning sifatiga, ya’ni tayyor mahsulot ulushini oshirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, texnologik jarayonlarni mahalliylashtirish va yangi mamlakatlar bozorlariga chiqish imkonini beruvchi qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga yanada katta e’tibor qaratish imkonini beradi.
Bunday aloqalarni rivojlantirish
uchun korxonalar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli
yo‘nalishlarini aniq ko‘ra olishi zarur. Shu nuqtayi nazardan, 2026-yil iyun
oyida nizomi kelishilgan Sanoat sohasidagi investitsiya loyihalarining
ma’lumotlar banki muhim vositalardan biri bo‘lishi mumkin. Uning ahamiyati
investitsiya tashabbuslarini davlatlarning mavjud salohiyati, xomashyo va
butlovchi qismlarga bo‘lgan ehtiyojlari, mavjud infratuzilma hamda potensial
sotuv bozorlari bilan o‘zaro muvofiqlashtirish imkoniyatida namoyon bo‘ladi.
Mazkur tizimni SHHTning Sanoat
kooperatsiyasi xaritasini yaratish orqali yanada rivojlantirish mumkin. Bunday
xarita alohida tashabbuslarni yagona ishlab chiqarish zanjirlariga
birlashtirish va turli davlatlarning imkoniyatlari bir-birini qaysi
yo‘nalishlarda to‘ldirishini aniqlash imkonini beradi.
Dastlabki bosqichda istiqbolli
yo‘nalishlar sifatida tegishli xomashyo bazasi, ishlab chiqarish salohiyati va
sotuv kanallariga ega bo‘lgan to‘qimachilik hamda agrosanoat tarmoqlarini
ko‘rsatish mumkin. Kelgusida bunday yondashuvni mashinasozlik, elektrotexnika,
farmatsevtika, kimyo sanoati va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga
ham tatbiq etish mumkin.
Har bir tashabbus bo‘yicha bunday
model hamkorlarni, moliyalashtirish manbalarini, amalga oshirish muddatlarini,
mahalliylashtirish parametrlarini va sotuv bozorlarini belgilashni nazarda
tutadi. Bu esa loyiha iqtisodiyotini hamda har bir ishtirokchining rolini
oldindan shakllantirish imkonini beradi.
Shundan kelib chiqib, moliyaviy
qo‘llab-quvvatlash masalasi ham bevosita kun tartibiga chiqadi. 2025-yilda
manfaatdor a’zo davlatlar SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etish bo‘yicha
siyosiy qaror qabul qildilar. 2026-yil iyun oyining oxirida esa uni tashkil
etish va faoliyat yuritishi masalalari bo‘yicha navbatdagi maslahatlashuvlar
bo‘lib o‘tdi.
Bunday institutning istiqboldagi roli, avvalo, samarasi bir nechta davlatga taalluqli bo‘lgan loyihalarni — transport va energetika infratuzilmasini, sanoat zanjirlarini, raqamli tarmoqlar va logistika markazlarini moliyalashtirish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Amaldagi taraqqiyot institutlari bilan hamkorlik, loyihalarni tanlashning shaffof mezonlari va moliyaviy barqarorlik loyiha asosida moliyalashtirish uchun mavjud vositalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ishlab chiqarish
kooperatsiyasining samaradorligi, o‘z navbatida, xomashyo, butlovchi qismlar va
tayyor mahsulotlarning qanchalik tez va prognoz qilinadigan tarzda
harakatlanishiga bevosita bog‘liq. Shu sababli moliyaviy va sanoat bloklari
transportni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘zbekiston uchun ushbu omil
alohida ahamiyatga ega. Dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish
imkoniyatining mavjud emasligi logistika masalasini milliy mahsulotlarning
raqobatbardoshligini ta’minlovchi muhim shartlardan biriga aylantiradi. Ustuvor
vazifa yuk oqimlarini moslashuvchan tarzda taqsimlash va turli yetkazib berish
yo‘nalishlariga kirish imkoniyatini saqlab qolish imkonini beradigan barqaror
yo‘nalishlar tarmog‘ini shakllantirishdan iborat.
SHHT hududi Sharq – G‘arb va
Shimol – Janub yo‘nalishlarini, avtomobil va temir yo‘l liniyalarini,
shuningdek, multimodal tashuvlar imkoniyatlarini qamrab oladi. Biznes uchun
bunday tarmoqning samaradorligi infratuzilmaning o‘tkazuvchanlik qobiliyati,
tartib-taomillarning o‘zaro muvofiqligi va jo‘natuvchidan yakuniy bozorgacha
bo‘lgan butun zanjirning qanchalik tez ishlashiga bog‘liq.
Shu bois transport
yo‘nalishlarini rivojlantirish jarayoni raqamlashtirish bilan bevosita bog‘liq.
Bojxona va ruxsat beruvchi hujjatlarni elektron almashish, nazorat organlarini
oldindan xabardor qilish, milliy axborot tizimlarining o‘zaro mosligini
ta’minlash hamda yuklarni butun yo‘nalish bo‘ylab kuzatib borish transport
jarayonlaridagi ma’muriy kechikishlarni kamaytiradi va tashuvlarni prognoz
qilish imkoniyatini oshiradi.
To‘plangan ma’lumotlardan foydalanish sun’iy intellekt uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlarni ochib beradi. Jumladan, yuk oqimlarini prognoz qilish, yo‘nalishlarni optimallashtirish, ombor infratuzilmasini boshqarish va xatarlarni baholashda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish mumkin. Bu esa axborot xavfsizligi va milliy raqamli tizimlarni himoya qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni talab etadi.
Ushbu vositalarning barchasi, pirovardida,
savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ishlab chiqarish kooperatsiyasi
tovarlar bazasini kengaytiradi, moliyalashtirish yangi ishlab chiqarish
quvvatlarini ishga tushirishni ta’minlaydi, logistika korxonalarni bozorlar
bilan bog‘laydi, raqamli yechimlar esa vaqt va ma’muriy xarajatlarni
qisqartiradi.
Talablarning shaffofligi,
elektron hujjatlarni o‘zaro tan olish va tartib-taomillarning
muvofiqlashtirilishi qo‘shimcha samara beradi. Bu SHHT davlatlari bozorlariga
kichik va o‘rta biznesning kirishini yengillashtiradi hamda investorlar uchun
yanada prognoz qilinadigan muhitni shakllantiradi. Aynan shu darajada ko‘p
tomonlama hamkorlikning afzalliklari korxonalar faoliyatida bevosita namoyon
bo‘ladi.
Mintaqaning iqtisodiy
salohiyatini ilgari surishga uning xalqaro miqyosda tanilishi ham xizmat qiladi.
Sammit kunlarida Markaziy Osiyoga e’tiborni yanada kuchaytiradigan tadbirlardan
biri VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari bo‘ladi. Mazkur yirik tadbir
mintaqaning investitsiyaviy va eksport salohiyati, milliy brendlari hamda
biznes tashabbuslarini namoyish etish uchun qulay axborot maydonini yaratadi.
Bu O‘zbekiston uchun xalqaro auditoriyaga mamlakatning iqtisodiy
imkoniyatlarini namoyish etishning qo‘shimcha imkoniyatidir.
O‘zbekiston uchun SHHTning ahamiyati rivojlangan ikki tomonlama aloqalarni ko‘p tomonlama formatda ayniqsa samarali bo‘lgan vositalar bilan to‘ldirish imkoniyatida namoyon bo‘ladi. Gap bir nechta davlatlarning ishlab chiqarish salohiyatini birlashtiruvchi loyihalar, umumiy infratuzilma, yangi transport yo‘nalishlari va moliyaviy mexanizmlar haqida bormoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Bishkek
sammiti Tashkilotning iqtisodiy kun tartibini yanada rivojlantirishning muhim
bosqichiga aylanadi. Uning amaliy mazmun bilan boyitilishi korxonalarning
bozorlarga, investitsiya resurslari va logistika imkoniyatlariga kirishini
kengaytirish, ayni paytda sanoat kooperatsiyasi uchun yangi shart-sharoitlarni
yaratish imkonini beradi.