O’zbekiston Respublikasining Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Mustaqillikning 34 yilligi hamda 18-noyabr Davlat bayrog’i qabul qilingan kun munosabati bilan tantanali tadbir tashkil qilindi.
Ushbu bayram tadbirida Aqtau shahri rahbariyati, diplomatik vakolatxonalar xodimlari, Kaspiy texnologiyalar va muhandislik universiteti pedagoglari va mazkur universitetda ta’lim olayotgan o’zbekistonlik talabalar, Mang’istau viloyatidagi «Paxtakor» o’zbek etnomadaniy va «Allayar joli» qoraqalpoq etnomadaniy birlashmalari a’zolari hamda bu yerda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug’ullanayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Bosh konsul Jamoliddinxo’ja Abdukarimov bayramga tashrif buyurgan mehmonlar va vatandoshlarni O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi hamda 18-noyabr O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i qabul qilingan kun munosabati bilan samimiy tabrikladi. U ishtirokchilarga so’nggi yillarda O’zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, mamlakatimizda tinchlik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, iqtisodiyot, fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik va innovatsiyalarni qo’llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan yirik loyihalar xususida to’xtalib o’tdi.
Shuningdek, Mang’istau viloyati Oqsoqollar kengashi raisi Onaybek Abdilov O’zbekiston xalqiga samimiy tabrik yo’llab, o’zbek va qozoq xalqlari o’rtasidagi azaliy do’stlik, hamjihatlik va o’zaro hurmat aloqalari yuksak qadrlanishini ta’kidladi.
Tadbirda Aqtau shahri akimi o’rinbosari Bekzat Jusupov ham so’zga chiqib, O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasidagi do’stona va hamkorlik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi, kelgusida bu aloqalar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Tadbir davomida «O’zbekistonning turistik salohiyati va imkoniyatlari» videoroliklar targ’iboti o’tkazildi, yoshlar tomonidan turli kuy-qo’shiq va milliy raqslar namoyish qilindi.



