O‘zbekiston diplomatlari Qozog‘istonda vaqtinchalik mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqot qildi

AKTAU, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Aktau shahridagi Bosh konsulxonasi vakili ushbu shahardagi 19 va 18 kichik-tumanlarda joylashgan “SK A-Stroy montaj” korxonasiga qarashli qurilish obyektlariga 2020 yil dekabr oyida O‘zbekistondan vaqtinchalik ishlash uchun kelgan 112 nafar fuqaromiz holidan xabar oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Qurilish obyektlarimizda 150 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda”, — dedi korxona rahbari Sag‘indiq Onerbekuli.

Muloqot chog‘ida vatandoshlarimiz “SK A-Stroy montaj” korxonasiga qarashli obyektlarda mehnat meʼyorlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, ish va dam olish vaqtlari o‘zaro kelishilgan ichki tartib asosida belgilangani, oylik maoshlari o‘z vaqtida berilayotgani qayd etdi.

Bosh konsulxona xodimi ish beruvchilar va ishchilarga hozirda mamlakatimizda olib borilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohot jarayoni, mehnat migratsiyasi sohasidagi yangiliklar, “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati, mehnat migrantlariga yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Vatandoshlarimiz konsullik-huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Suhbat yakunida vatandoshlarimiz Qozog‘iston mehnat migratsiyasi bo‘yicha qonunchilik meʼyorlari, mehnat muhofazasi va karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishga chaqirildi.

https://dunyo.info/uz/site/inner?slug=o%E2%80%98zbekiston_diplomatlari_qozog%E2%80%98istonda_vaqtinchalik_mehnat_qilayotgan_vatandoshlarimiz_muloqot_qildi—CQ&fbclid=IwAR11hs-S3TkhpnuaARFKglj9OsPj_aNtxhODX1lDwOUg68jvmVNCilEaFpM