Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti va sanoat loyihalari bilan tanishish maqsadida 12-avgust kuni Bekobod shahriga keldi.
Bu yerning iqtisodiy-ijtimoiy rivojida O‘zbekiston metallurgiya kombinatining o‘rni katta. Uning tarkibida o‘nlab korxonalar, ijtimoiy muassasalar bor. Kombinatda 11 ming kishi ishlaydi.
Shu bois uning faoliyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda qator investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yangi sexlar ishga tushirildi, borlari modernizatsiya qilindi.
Ulardan biri – navli prokat majmuasi. Qariyb 5 million dollarlik loyiha evaziga bu yerga xorijdan termo-mustahkamlash liniyasi keltirilib, joriy yil fevralda ishga tushirildi. Bu orqali yiliga 500 ming tonna A500-A800 markali armatura ishlab chiqarish quvvati yaratildi.
Davlatimiz rahbari kombinatga tashrifi chog‘ida ushbu majmuani kirib ko‘rdi, loyihaning iqtisodiy samaradorligi bilan qiziqdi.
Avvalo, termo-mustahkamlash jarayonida kimyoviy moddalar tejalgani hisobiga armatura tannarxi kamaygan. Yiliga 300 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish hisob-kitob qilingan.
Yana bir muhim jihati, bu armatura xalqaro DIN standarti sertifikatini qo‘lga kiritgan. Endi ushbu mahsulotni Yevropaga eksport qilish rejalashtirilgan.
Prezident kombinatdagi yana bir muhim loyiha – Quyuv prokat majmuasining qurilish maydonida bo‘ldi.
672 million yevrolik ushbu loyiha natijasida yiliga 1 million tonna po‘lat listlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur loyiha ishga tushgach, kombinat quvvatlari 2 baravarga oshadi.
Bugungi kunda majmua uchun temir yo‘l va avtomobil yo‘li qurilishi yakunlanib, temir-beton konstruksiyalari o‘rnatilmoqda. Italiyaning «Danieli» kompaniyasi tomonidan zarur uskunalar keltirilmoqda. Uni 2024-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari buni jadallashtirish va korxonani kafolatlangan xomashyo bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
– O‘z vaqtida bu kombinat uchun 800-900 ming tonna ikkilamchi qora metallni qayta ishlash yetarli edi. Lekin bugungi kunda iqtisodiyotimizda qora metallga bo‘lgan talab 4 million tonna. Uning ham 50 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Shuning uchun bu korxonani tezroq ishga tushirsak, iqtisodiyotimizga katta manfaat beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihada ishtirok etayotgan Turkiyaning «Renaissance Heavy Industries» va Italiyaning «Danieli» kompaniyalari rahbarlari bilan ham suhbatlashdi.