O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlarni Qoraqalpog‘istondagi voqealarga xolisona yondashishga chorladi

O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot, shu jumladan insonning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalarida hamkorlikning tarafdori bo‘lib qolmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri Tashqi ishlar vazirligi bugun tarqatgan bayonotga asoslanib.

“Ayrim ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar tomonidan nomaʼlum manbalarga tayangan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqealar haqida turli xil taxminlar va asossiz xabarlar muhokama qilinmoqda, – deyiladi hujjatda. – Go‘yoki noqonuniy kuch ishlatish orqali “tinch mitingni tarqatish”, jumladan favqulodda holat eʼlon qilish orqali “mustaqil ovozlarni yopish va axborotni oqimini to‘sish” haqida asossiz bayonotlar berilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan aniqlik kiritib, bu borada batafsil va xolis axborot taqdim etmoqda.

2022 yil 1-2 iyul kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tizimi, hududiy yaxlitligi va birligiga putur yetkazishga urinish yuz berdi. Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha umumxalq muhokamasiga kiritilgan takliflarga qarshi norozilik bahonasida bir guruh tajovuzkor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati organlari binolarini zo‘ravon harakatlar, otishmalar va kuch bilan egallab olishga harakatlar tashkil etildi.

Ushbu noqonuniy xatti-harakatlar tinch, yagona, demokratik mamlakatda ayirmachilikni, nobarqarorlikni va bo‘linishni qo‘zg‘atishga qaratilgan oldindan rejalashtirilgan sabotajdan yaqqol dalolat berdi.

Populistik shiorlarni niqob qilib olgan holda, uyali aloqa va Internet orqali soxta yangiliklarni tarqatib, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga urindilar. Bu Internet aloqasini vaqtincha cheklash choralarini ko‘rishga majbur qildi.

Ommaviy vayrongarchiliklar va vahshiyliklar chog‘ida Jo‘qorg‘i Kenges (parlament), Nukus shahar IIBB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolariga hujum qilishga urinishlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olish va ularning o‘qotar qurollarini tortib olish, davlat, jamoat va shaxsiy mol-mulkka o‘t qo‘yish, buzish va yo‘q qilish, shahar infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishga qator bor urinishlar kuzatilgan.

Bundan tashqari, hujumlar paytida 107 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jiddiy tan jarohati olganlar, jumladan ulardan 23 nafari og‘ir ahvolda qolmoqdalar. Davlat organlarining jami 270 nafar xodimi turli darajadagi jarohatlar oldilar.

Tartibsizliklar ishtirokchilarining vahshiyligi odamlarning ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasi bo‘lib, fuqarolarning tinch namoyishlari sifatida tasniflanishi mumkin emas edi.

Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida, ilgari aytib o‘tilganidek, 18 kishi vafot etdi. Shuni taʼkidlash kerakki, tajovuzlarning faol ishtirokchilarining ko‘pchiligi giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan shaxslardan iborat edi.

O‘zbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan qo‘lga kiritish, ayirmachilik g‘oyalarini targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida o‘zaro nafratni qo‘zg‘atish, ommaviy tartibsizliklar va zo‘ravonlikka chorlashga qaratilgan har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni qatʼiy qoralaydi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar va huquqni muhofaza qilish organlarining oqilona xatti-harakatlari tufayli noqonuniy tadbirlarga chek qo‘yildi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning ishtirokchisi sifatida O‘zbekiston shaffof, mustaqil va xolis tergov tamoyillariga to‘liq rioya etish, shuningdek, tegishli tartib-qoidalar va adolatli sud ishlarini yuritish kafolatlarini taʼminlash tarafdoridir. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlar eʼtiboriga yetkaziladi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan barcha harakatlar huquqiy tartib-qoidalar doirasida amalga oshirilmoqda hamda birinchi navbatda inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdidlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda mobil aloqa to‘liq faoliyat yuritmoqda, oziq-ovqat do‘konlari, bozorlar, nonvoyxonalar, banklar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy obyektlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Elektr, gaz va suv muntazam ravishda etkazib berilmoqda.

O‘zbekiston tegishli davlat organlari har kuni jamoatchilikni Qoraqalpog‘istondagi vaziyat haqida xabardor qilib bormoqda. Shu munosabat bilan mazkur mavzu yuzasidan maʼlumotlarnig yo‘qligi haqidagi bayonotlar asossizdir.

Hech bir kuch O‘zbekiston Respublikasiga demokratik islohotlarni izchil davom ettirishga, har bir fuqaroning shaʼni va qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlariga g‘amxo‘rlik qiladigan insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlatni barpo etish va mustahkamlashga ishonch bilan harakat qilishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlarni Qoraqalpog‘istondagi voqealarga xolisona yondashishga, turli xil ishonchsiz manbalar asosida bir tomonlama, shoshilinch xulosalar qilmaslikka va bayonotlar chiqarmalikka chorlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot, shu jumladan insonning qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish masalalarida hamkorlikning tarafdori bo‘lib qolmoqda”.