Turkiy davlatlar tashkiloti sammitini yoritish uchun xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish boshlandi

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida bo’lib o’tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitini yoritish uchun xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish boshlanganini ma’lum qiladi.

Sammitni yoritishda ishtirok etishni istagan chet el OAV vakillari O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni topshirishlari shart:

1) OAV rahbariyatining O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomiga o’z muxbirini (muxbirlarini) akkreditatsiya qilish to’g’risidagi murojaatnomasi;

2) OAV haqida ma’lumot;

3) tarjimayi hol (rezyume / CV); 

4) pasport nusxasi;

5) fotosurat (tomonlarn nisbati 3×4, maksimal o’lchamlari 600×800 piksel, minimal – 240×320 piksel, yuz to’liq ko’ringan, oq fonda);

6) COVID-19 ga qarshi emlash sertifikati;

7) to’ldirilgan so’rovnoma.

Xorijiy OAV vakillarining arizalari 2022-yil 4-noyabr Toshkent vaqti bilan soat 18:00 ga qadar O’zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali yoki to’g’ridan-to’g’ri O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ots-press@mfa.uzelektron manzili orqali qabul qilinadi.

Belgilangan muddatdan keyin yuborilgan murojaatlar, shuningdek zarur ma’lumotlarsiz va to’ldirilgan so’rovnomasiz arizalar ko’rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.

Shu bilan birga, sammitni yoritishda ishtrok etish uchun xorijiy OAVning topshirgan arizalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ularning akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomasiz O‘zbekistonga tashrif buyurish va jurnalistik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun asos bo‘la olmaydi.

Qo’shimcha savollar yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmatiga press@mfa.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilish mumkin.