Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida «Metallurg» futbol klubi qoshidagi «El Golazo» futbol akademiyasida bo‘ldi.
Ushbu maktab Ispaniyaning taniqli «Real Madrid» klubi jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan yili oktabrda faoliyat boshlagan. Tabiiy va sun’iy chimli stadionlar, fitnes zali, o‘quv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. O‘quv-mashg‘ulotlari “Real Madrid” futbol klubi an’analariga mos ravishda olib boriladi. Murabbiylarning uch nafari ispaniyalik.
Bugungi kunda akademiyada 200 nafardan ortiq o‘quvchi saboq olmoqda. Bu yerda o‘qish istagidagi yoshlar ko‘p. Shu bois 11 yoshdan 17 yoshgacha bolalar tanlov asosida qabul qilinadi. Yaqinda 48 nafar iqtidorli tarbiyalanuvchi Ispaniyada mahorat oshirib keldi.
Davlatimiz rahbari akademiyada yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, bolalar bilan suhbatlashdi.
– Shunday zamonaviy sharoitlarda o‘qiyotganingiz, yonib turgan ko‘zlaringizni ko‘rib, xursand bo‘ldim, – dedi Prezident. – Kelgusida sizlardan mashhur futbolchilar, chempionlar yetishib chiqishiga ishonaman. Eng muhimi, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayasiz, farzandlaringizni ham sportga oshno qilib tarbiyalaysiz. Maqsadimiz – yoshlar o‘rtasida ana shunday muhitni shakllantirish.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga bu futbol maktabi tajribasini ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Bekobodlik nuroniylar, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari bilan ham samimiy suhbat bo‘ldi. Yangi “mahallabay” tizimini joriy etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolar muammolarini hal qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashildi.
Shu bilan Prezidentimiz Bekobod shahriga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.