Qadrli vatandoshlar!
Hurmatli Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari!
Bugun men Vatanimizning taqdiri va kelajagiga, qutlug‘ zaminimizdagi tinchlik va barqarorlikka befarq bo‘lmagan barcha insonlarga murojaat qilmoqchiman.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan tashvishli voqealarni har birimiz, barcha O‘zbekiston fuqarolari yuragimizda chuqur dard va iztirob bilan qabul qilmoqdamiz.
Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, “inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani amalda qaror toptirishga qaratilgandir.
Fuqarolarning o‘z fikri va xohish-irodasini demokratik prinsiplar va huquqiy normalar asosida erkin bildirish bo‘yicha yaratilgan shart-sharoitlarga qaramasdan, ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, O‘zbekistondagi vaziyatni beqaror etish va izdan chiqarishga urinmoqda.
Soxta axborotlarni tarqatishning sinalgan texnologiyalaridan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalangan holda, buzg‘unchi kuchlar aniq maqsadni ko‘zlab, fuqarolarni Konstitutsiyaga xilof xatti-harakatlarga jalb etmoqda.
Ularning asosiy niyati jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iborat.
Ilgari xabar qilinganidek, bir guruh shaxslar 2022-yil 1-iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.
Ular 2022-yil 2-iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni to‘xtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning ma’muriy markazidagi asosiy ko‘chalarda buzg‘unchilik ishlarini davom ettirdi.
Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi.
Shahar bo‘ylab yurish davomida ular infratuzilma ob’ektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi. Binolarning oynalarini sindirib, yong‘inlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi.
Ushbu kimsalar son jihatiga ko‘ra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazishdi.
Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida men 2022-yil 3-iyuldan 2-avgustga qadar “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat joriy etish haqida”gi Farmonni imzoladim.
Ishonchim komil, ushbu Farmon ijrosini ta’minlash davomida ko‘pmillatli Qoraqalpog‘iston xalqi mamlakatimiz ravnaqi va farovonligining poydevori bo‘lgan tinchlik va barqarorlik, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash uchun birlashib, barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilindi va umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda. U faqat O‘zbekiston xalqining taklif va fikrlari asosida o‘zgartiriladi va takomilga yetkaziladi.
Shundan so‘ng mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yiladi va fuqarolarimiz erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘z xohish-irodasini ifoda etadilar. Faqat shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy kuchga ega bo‘ladi.
Bunday yondashuv “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipga to‘la mos keladi. Faqat shundagina har bir vatandoshimiz “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – bu mening Konstitutsiyam”, deb g‘urur bilan ayta oladi.
Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Qoraqalpog‘iston aholisi tomonidan bildirilayotgan fikrlarni o‘rganish asosida Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, muhtaram nuroniylarimiz hamda Qoraqalpog‘iston faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda men O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o‘zgartirmasdan qoldirishni taklif etdim.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yaqin kunlarda bu masalani ko‘rib chiqadi.
Hurmatli deputatlar va Qoraqalpog‘iston ahli!
Ma’lumki, keyingi yillarda biz sizlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdik. Ularning amaliy natijalarini ushbu diyorda yashayotgan har bir inson bugun o‘z hayotida his etmoqda.
Oxirgi besh yilda hududning mahalliy budjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “temir daftar”ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron a’zosi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Birgina 2020-yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi.
So‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sdi. O‘nlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi ob’ektlar barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Jumladan, ko‘plab bolalar bog‘chalari, umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi.
Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017-yildagi 32 foizdan 75 foizga yetdi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan ta’minlash, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari holatini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda. Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Mo‘ynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi.
Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Ushbu hududning o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlardan Orol muammosiga jahon jamoatchiligi e’tiborini muntazam qaratib kelmoqdamiz.
To‘liq ishonch bilan aytamanki, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bundan buyon ham albatta izchil sur’atlarda davom ettiriladi.
Chunki Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir.
Men hayot sinovlarida toblangan qoraqalpoq xalqining donishmandligiga ishonaman va ularni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil qutqularga, jumladan, chetdan bo‘layotgan g‘arazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqiraman.
Separatizmga, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik ko‘rsatishga da’vat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘riladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi.
Aminmanki, Qoraqalpog‘istonning mehnatkash, oqko‘ngil va bag‘rikeng eli o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari taqdirining birligi va yaxlitligiga, og‘izbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarini bundan buyon ham ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashaydi.
Sodir bo‘lgan voqealar bizni yanada hushyor va sezgir bo‘lishga chaqiradi. Bugun jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir.
Fursatdan foydalanib, men O‘zbekistonni o‘z ona Vatani deb biladigan barcha yurtdoshlarimizga, muhtaram otaxon va onaxonlarimizga, qadrli aka-uka va opa-singillarimizga, aziz farzandlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman.
Hech kimga sir emas, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida o‘zaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda.
Ana shunday tahlikali vaziyatda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va dinga mansub insonlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, go‘zal diyorimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni ta’minlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish barchamizning, avvalo, rahbar va mutasaddilarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas insoniy burchidir.
Biz faqat mana shu yo‘l bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishimiz, turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratishimiz, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlangan demokratik islohotlar yo‘lidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishishimiz mumkin.
Aziz yurtdoshlar!
Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir.
Barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta barpo etamiz.
O‘z hayoti davomida tarixning ko‘p-ko‘p mashaqqatli sinovlarini mardona yengib o‘tgan azmu shijoatli, olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan mana shunday buyuk maqsadlarga albatta erishadi, deb ishonaman.