Qozog‘istonda vaqtinchalik mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqot o‘tkazildi

AKTAU, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Aktaudagi (Qozog‘iston) Bosh konsulxonasi xodimlari ushbu shahardagi 17 kichik tumanda joylashgan “Asyl park” korxonasi tomonidan olib borilayotgan qurilish inshoatida vaqtinchalik ishlash uchun kelgan O‘zbekiston fuqarolari bilan muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat chog‘ida mazkur qurilish obyektida 50 nafarga yaqin vatandoshimiz mehnat qilayotgani maʼlum bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz korxonada mehnat meʼyorlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, ish va dam olish vaqtlari ichki tartib asosida belgilangani, maoshlar o‘z vaqtida berilayotganini qayd etdi.

Konsulxona xodimi, o‘z navbatida, yurtdoshlarimizni ish beruvchi va ishchilar o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartlariga to‘liq rioya etishga, o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalarni buzmaslik, mezbon davlat qonunchiligi hamda karantin talablariga qatʼiy rioya qilishga chaqirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar jarayoni hamda mehnat migratsiyasi sohasidagi yangiliklar, “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati, mehnat migrantlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot berildi.

Shuningdek, mamlakatimiz saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va tuzatishlar, joriy yil 24 oktyabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayoni, unda barcha fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash uchun yaratilgan sharoitlar haqida ham so‘zlab berildi.  

Yurtdoshlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.