O‘zbekistonning Aktaudagi Bosh konsuli “Paxtakor” o‘zbek etno-madaniyat birlashmasi vakillari bilan uchrashdi

AKTAU, 15 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekistonning Aktaudagi Bosh konsuli Otabek Tursinbekov “Paxtakor” o‘zbek etno-madaniyat birlashmasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bosh konsul birlashma vakillarini joriy yil 24 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasining borishi bilan tanishtirdi.

Muloqot chog‘ida muddatidan oldin ovoz berishningtashkiliy jihatlari, shuningdek, Aktau viloyati hududida istiqomat qiluvchi vatandoshlarning saylovda ishtirok etishlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.

“Paxtakor” o‘zbek etno-madaniyat birlashmasi vakillari muhim siyosiy tadbirda Aktua viloyatidagi vatandoshlarning faol ishtirokini taʼminlashga ko‘maklashishlarini bildirdi.

Shundan so‘ng Bosh konsulxona tomonidan 21 oktyabr -O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlarda “Paxtakor” o‘zbek etno-madaniyat birlashmasi vakillarining ishtiroki masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, «O‘zbekiston madaniy merosi» onlayn-foto tanlovini o‘tkazish masalasi yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashma aʼzolariga tanlovda qatnashish bilan bog‘liq axborot materiallari taqdim etildi.

O‘zbek etno-madaniyat birlashmasi vakillari tomonidan Bosh konsullik bilan yaqindan hamkorlik qilishga hozirlik hamda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishga qiziqish bildirildi.

https://dunyo.info/uz/site/inner?slug=o%E2%80%98zbekistonning_aktaudagi_bosh_konsuli_paxtakor_o%E2%80%98zbek_etno-madaniyat_birlashmasi_vakillari_bilan_uchrashdi-bkZ&fbclid=IwAR2EDaHYGiCa—EXoPmRJwY_HmbAoSsPjfqOFnrjk_pCB6BlqjWwjL6Ek8