O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Aktau shahridagi qurilish korxonasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimizdan xabar oldi

AKTAU, 16 mart. /«Dunyo» AA/.  Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi vakillari  Mangistau viloyati Aktau shahridagi «K7 Group» korxonasi tomonidan olib borilayotgan qurilish maydoniga 2020 yil dekabr’ oyida O‘zbekistondan vaqtinchalik ishlash uchun kelgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tashrif davomida vatandoshlarimizning ish va dam olish sharoitlari bilan tanishildi.

Yurtdoshlarimiz bilan o‘tkazilgan muloqotlarda aniqlangan muammolar va ularni bezovta qilayotgan masalalar bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.  Ish beruvchilarga va vatandoshlarimizga hozirgi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoni, mehnat migratsiyasi sohasidagi yangiliklar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

O‘rganishlar davomida korxonada mehnat me’yorlari yaxshi o‘rnatilgani, ish va dam olish vaqtlari o‘zaro ichki tartib asosida belgilangani, maoshlar o‘z vaqtida to‘lanayotgani ma’lum bo‘ldi. 

Shuningdek, fuqarolarimiz o‘zlarining qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Konsulxona xodimi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegaraning ochilishi, o‘zaro aviaqatnovlar, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish, Qozog‘istonning migratsiya qonunchiligiga oid savollariga batafsil javob berdi.

O‘z navbatida, pandemiya bilan bog‘liq qabul qilingan vaqtincha cheklovlarga, Qozog‘iston mehnat migratsiyasi me’yorlari, ish joyida mehnat muhofazasi va karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurati ta’kidlab o‘tildi.

https://dunyo.info/uz/site/inner?slug=o%E2%80%98zbekiston_bosh_konsulxonasi_vakillari_aktau_shahridagi_qurilish_korxonasida_mehnat_qilayotgan_vatandoshlarimizdan_xabar_oldi—0o&fbclid=IwAR1uyqX3MkudMpAT09kqcPmOSmDhgcAihxX8ijvaiU9In9kd5-wy0aV5Ws4