O‘zbekiston bosh konsuli Mangistau viloyatidagi qurilish korxonalari rahbarlari bilan uchrashdi

AKTAU, 22- may. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Aktaudagi Bosh konsulxonasi va Mangistau viloyatidagi qurilish korxonalari rahbarlari ishtirokida «davra suhbati» tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda bosh konsul N.Turg‘unov Qozog‘iston vakillariga mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ta’lim, shu jumladan, qurilish sohalarida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar xususida ma’lumot berdi. Diplomat O‘zbekistonda mehnat migrantlarining qonuniy huquqlarini himoya qilish va ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor har qachongidan ko‘ra kuchayganini qayd etdi.
U, shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan muhim siyosiy voqealarga tayyorgarlik, O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar xususida so‘zlab berdi.
Mangistau viloyati qurilish korxonalari rahbarlari, o‘z navbatida, O‘zbekistondan kelib, vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berib, ularning qonuniy huquqlarini ta’minlash uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilayotganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Mangistau viloyati hududida 2 mingdan ortiq yurtdoshimiz vaqtincha mehnat qilmoqda.

https://dunyo.info/uz/site/inner?slug=o%E2%80%98zbekiston_bosh_konsuli_mangistau_viloyatidagi_qurilish_korxonalari_rahbarlari_bilan_uchrashdi-Vmv