Aktobeda O‘zbekiston fuqarolariga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi

AKTAU, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Aktau (Qozog‘iston) shahridagi Bosh konsulxonasida Aktobe viloyati “Daris” jamoat birlashmasi raisi, Inson huquqlari va qonun ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha xalqaro byuroning Aktobe viloyati filiali vakilasi Gulnur Idigeyeva bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda konsullik okrugi hududiga O‘zbekistondan vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelgan, biroq maʼlum sabablar tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgan, odam savdosi bo‘yicha jabrlangan, deb topilgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, Bosh konsulxona tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini Vatanga qaytarish masalalari bilan bog‘liq tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

“Daris” jamoat birlashmasining raisi G.Idigeyevaning O‘zbekistondan doimiy yashash uchun kelgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq savollariga tegishli javoblar berildi.

Uchrashuvda xorijga vaqtincha mehnat qilish uchun kelgan va og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga amaliy yordam ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlarni yana-da jonlantirish va bu borada yaqindan hamkorlik o‘rnatishga kelishib olindi.